12:17, Oktabr 6, 2026
/
1,9 тыс

Texnikumlarda bo‘sh qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul boshlandi

11-sinfni tamomlagan, ammo texnikumga o‘qishga kira olmagan abituriyentlar uchun yana bir imkoniyat ishga tushdi.

2026/2027-o‘quv yili uchun kasbiy ta’lim tashkilotlarida bo‘sh qolgan o‘rinlarga qo‘shimcha qabul boshlandi.

Qo‘shimcha qabul kamida umumiy o‘rta ma’lumot negizida, ya’ni 11-sinfni tamomlagan abituriyentlar uchun tashkil etiladi.

Qaysi ta’lim dasturlari bo‘yicha qabul qilinadi?

Abituriyentlar quyidagi kasbiy ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qishga qabul qilinishi mumkin:

– boshlang‘ich kasbiy ta’lim;
– o‘rta kasbiy ta’lim;
– o‘rta maxsus kasbiy ta’lim.

Ta’lim olish imkoniyati kunduzgi, kechki va dual ta’lim shakllari bo‘yicha mavjud.

Hujjat topshirish muddati

Abituriyentlardan hujjatlar 5-oktyabrdan 14-oktyabrgacha qabul qilinadi. 14-oktyabr kuni ham hujjat topshirish mumkin.

Arizalar my.edu.uz platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.

Shunday qilib, avvalgi qabul jarayonida texnikumga kira olmagan yoki bo‘sh qolgan o‘rinlardan foydalanishni istagan 11-sinf bitiruvchilari uchun kasb-hunar egallashning yana bir imkoniyati taqdim etilmoqda.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari