Texnikumlarda “Korzinka” bilan dual ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi

Kasbiy ta’lim agentligi va “Anglesey Food” MCHJ (“Korzinka” tarmog‘i) o‘rtasida texnikumlar faoliyatini bevosita mehnat bozori va yirik ish beruvchilar talablariga moslashtirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Xususan, 9 va 11-sinf bitiruvchilari negizida “Nonvoy” kasbi bo‘yicha dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu tizim o‘quvchilarga bir vaqtning o‘zida ham o‘qish, ham ishlab daromad topish imkonini beradi. Endilikda o‘quvchilar nazariy bilimlarni o‘zlashtirish bilan cheklanib qolmay, o‘z amaliy ko‘nikmalarini shunchaki o‘quv xonalarida emas, balki bevosita ish beruvchi muhitida “Korzinka” filiallaridagi haqiqiy ish jarayonida pishitadilar.
Shuningdek, yirik ish beruvchilarning ayni paytdagi bo‘sh ish o‘rinlari va kadrlar ehtiyojidan kelib chiqqan holda, texnikumlarda maqsadli qisqa muddatli kurslar tashkil etiladi. Bu degani bozorga aynan bugun qanday mutaxassis kerak bo‘lsa, texnikum tezkorlik bilan o‘sha yo‘nalishda qisqa vaqt ichida amaliy bilimlarni beruvchi kurslarni yo‘lga qo‘yadi.
Shuningdek, shu fanlarni o‘tadigan texnikum pedagoglari ham maxsus malaka oshirish kurslariga jalb qilinadi. Natijada, bevosita ish beruvchi ko‘magida zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan o‘qituvchilar bu tajribani o‘quvchilarga yetkazadi va bitiruvchilar haqiqiy mehnat bozori talabiga to‘liq javob beradigan tayyor mutaxassis bo‘lib shakllanadi.