Texnikumlarga qabul jarayonlari boshlandi

2026–2027-oʻquv yili uchun texnikumlarga qabul jarayonlari boshlandi
Bugun, 1-iyul sanasidan e’tiboran respublikamizdagi texnikumlarga yangi oʻquv yili uchun hujjatlar qabuli rasman start oldi.
9-sinf bitiruvchilari uchun qabul tartibi
Joriy yilda 9-sinfni tamomlagan o‘quvchilar mamlakatimizdagi 570 ta texnikumning 166 ta kasb-hunar yoʻnalishidan biriga hujjat topshirishlari mumkin. Ushbu bosqich uchun umumiy qabul kvotasi 202 657 o‘rin etib belgilangan. Talabgorlardan arizalar joriy yilning 1-iyulidan 20-iyuliga qadar faqatgina onlayn shaklda, my.edu.uz elektron portali orqali qabul qilinadi.
Talab etiladigan ma’lumotlar:
Abituriyentlar onlayn ro’yxatdan o’tish jarayonida quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari lozim:
- Shaxsni tasdiqlovchi hujjat (fotosurat tushirilgan ID-karta yoxud tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma) ma’lumotlari;
- 9-sinfni bitirganlik haqidagi elektron shahodatnoma.
Ta’limga oid shahodatnoma ma’lumotlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining e-shahodatnoma.uz axborot tizimi bazasidan avtomatik ravishda olinadi.
Elektron ariza yuborish bosqichlari:
- Elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tish va tegishli shaxsiy ma’lumotlarni kiritish;
- Tizimga avtomatik yuklangan ta’lim to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to’g’riligini tasdiqlash;
- O’qish istagi bildirilgan texnikum, tegishli ta’lim yo‘nalishi hamda o’qitish tilini belgilagan holda arizani tizimga yuborish.
Ma’lumot o’rnida, 11-sinf bitiruvchilaridan hujjatlar qabuli 10-avgustdan 10-sentabrga qadar amalga oshirilib, ular uchun 641 ta texnikumda jami 134 570 ta (shundan 61 298 tasi davlat granti) qabul kvotasi ajratilgan. Bundan tashqari, 14 ta Ilgʻor kasbiy mahorat texnikumiga ham qabul jarayonlari tashkil etilib, mazkur muassasalardagi jami 1 760 ta o’rinning 1 640 tasi davlat granti hissasiga toʻgʻri keladi.