08:46, Sentabr 7, 2026
/
222

Tibbiyot OTMlariga qabul kvotalari ehtiyojga qarab belgilanadi

Tibbiyot oliygohlariga qabul kvotalari endi hududlar va tibbiyot muassasalaridagi real ehtiyoj hamda shifokorlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqib belgilanadi.

Shuningdek, tibbiyot OTMlari uchun davlat buyurtmasini Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydi.

Bu takliflar Prezident Shavkat Mirziyoyevga tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha taqdim etildi.

Tibbiyot ta’limida yana qanday o‘zgarishlar bo‘ladi?

“Davolash ishi” o‘rniga 6 yillik “Umumiy tibbiyot” yo‘nalishi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bunda talaba 5 yil davomida ta’lim olib, 1 yil to‘liq amaliy tayyorgarlikdan o‘tadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oilaviy shifokor sifatida ishlashi mumkin bo‘ladi.

Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun yagona elektron reyestr yaratiladi. Unda mutaxassisning ta’limi, malakasi va ish faoliyati haqidagi ma’lumotlar jamlanadi. Davlat ro‘yxatidan o‘tish 2027-yildan ixtiyoriy, 2030-yildan esa majburiy bo‘lishi taklif qilinmoqda. Kelgusida ro‘yxatdan o‘tmagan mutaxassisga tibbiy yoki farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaydi. 

Mutaxassislarning bilim va amaliy tayyorgarligini mustaqil baholash tizimi joriy etilib, baholash avval fundamental va klinik fanlar, keyinchalik esa mutaxassislik bo‘yicha amalga oshiriladi. Imtihondan o‘ta olmagan mutaxassislarga qayta topshirish imkoniyati beriladi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan xodimlarga qo‘shimcha ustama berilishi rejalashtirilmoqda. Oliy ma’lumotli shifokor va farmatsevtlarga 5 baravargacha, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga esa 2,5 baravargacha ustama berilishi mumkin.

Uzluksiz ta’lim tizimi ham o‘zgaradi.

Ta’lim jarayonlari raqamlashtirilib, kredit-modul tizimi joriy etiladi. Kredit- modulda oliy ma’lumotli xodimlar yiliga kamida 50 kredit, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari esa 28 kredit to‘plashi belgilanmoqda. Mutaxassislar o‘quv dasturi, ta’lim provayderi va ta’lim shaklini o‘zlari tanlashi mumkin. Onlayn kurs, masofaviy ta’lim, seminar, trening va ish joyida malaka oshirish kabi shakllardan foydalaniladi. 

2026-yilda ham tibbiyot yo‘nalishlariga super-kontrakt asosida qabul amalga oshiriladi.

Tor mutaxassisliklar rezidentura orqali tayyorlanadi

Oilaviy tibbiyotga alohida e’tibor qaratilib, rezidentlarning oilaviy poliklinikalarda bir vaqtning o‘zida o‘qishi va amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yiladi.

Tor soha mutaxassislarini tayyorlash esa bosqichma-bosqich rezidenturaga o‘tkaziladi. Rezidentura – tibbiyot universitetini bitirgandan keyin shifokorning ma’lum bir tor mutaxassislik bo‘yicha chuqur bilim va amaliy tajriba olishi uchun o‘qiydigan bosqichi.

Masalan 6 yillik “Umumiy tibbiyot”ni tugatgan talaba keyinchalik kardiolog bo‘lishni istasa, rezidenturada kardiologiya bo‘yicha o‘qishi mumkin.

Magistratura esa asosan ilmiy va pedagogik kadrlar tayyorlashga yo‘naltiriladi.  

E’tibor bering! Ushbu o‘zgarishlar hozircha taqdim etilgan taklif va reja sifatida ko‘rsatilgan. Tizim bosqichma-bosqich joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari