Tibbiyot yo‘nalishi bitiruvchilari oliy ma’lumotsiz odamlarga qaraganda 7 milliard so‘m ko‘proq daromad qilishi mumkin (tadqiqot)

Buyuk Britaniyadagi Institute for Fiscal Studies (IFS) tadqiqotiga ko‘ra, tibbiyot yo‘nalishini tamomlagan bitiruvchilar umr davomida oliy ma’lumotsiz odamlarga qaraganda o‘rtacha 400 ming funt sterling va undan ko‘proq (taxminan 7 milliard so‘m) daromad topishi mumkin.
Tadqiqotga ko‘ra, iqtisodiyot (Economics) yo‘nalishi ham eng yuqori daromad keltiradigan mutaxassisliklardan biri hisoblanadi. Biroq ijodiy san’at, falsafa va xorijiy tillar kabi yo‘nalishlar ayrim hollarda moliyaviy jihatdan deyarli foyda bermasligi, hatto universitetda o‘qimagan, ammo shunga o‘xshash sharoitdagi insonlarga qaraganda kamroq daromad keltirishi mumkin.
Tadqiqotchilar fikricha, bitiruvchilari soliqlar va talabalik kreditlarini to‘lab bo‘lgandan keyin ham umr davomida o‘rtacha 100 ming funt sterling (taxminan 1 milliard 750 million so‘m) ko‘proq sof daromad oladi. Shunga qaramay, barcha bitiruvchilar uchun universitet foydali emas. Har to‘rt nafar bitiruvchidan biri universitetda o‘qigani sababli umr davomida moliyaviy jihatdan yutqazishi mumkin. Erkak bitiruvchilarning har o‘ndan biri esa universitetga bormaganida topishi mumkin bo‘lgan daromaddan 90 ming funt sterlingdan ham ko‘proq (taxminan 1 milliard 575 million so‘m) mablag‘ni yo‘qotishi ehtimoli bor.
16 yoshdan keyin ham ta’limni davom ettirgan, biroq GCSE imtihonlarida pastroq natija ko‘rsatgan o‘quvchilar uchun universitetga kirish foydali bo‘lishi mumkin. Ular umr davomida universitetga bormagan tengdoshlariga qaraganda o‘rtacha 53 ming funt sterling (taxminan 927 million 500 ming so‘m) ko‘proq daromad topishi kutilmoqda.
Ammo o‘qishdagi avvalgi natijalari past bo‘lgan erkak bitiruvchilarning 10 nafardan qariyb 4 nafari universitetga bormaganida moliyaviy jihatdan yaxshiroq holatda bo‘lishi mumkin edi.
Tadqiqot 21 yoshga to‘lmasdan Buyuk Britaniyadagi universitetlarda kunduzgi bakalavriatga kirgan talabalar misolida o‘tkazilgan. Tahlil Angliyada yashagan, 1980-yillarning o‘rtalarida tug‘ilgan va 2002-yilda GCSE imtihonlarini topshirgan o‘quvchilar ma’lumotlariga asoslangan.
Bundan tashqari, Ta’lim vazirligi 2022–2023-yillardagi soliq davri bo‘yicha bitiruvchilarning daromadlari haqidagi yangi statistik ma’lumotlarni ham e’lon qilgan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, hukumat talabalar uchun muntazam ravishda past daromad keltirayotgan ayrim universitet yo‘nalishlarining kengayishini cheklash bo‘yicha takliflar ishlab chiqmoqda. Shuningdek, kuz oylarida universitetga kirishni rejalashtirayotgan abituriyentlar uchun talabalik kreditini olishda minimal ingliz tili darajasi talabini joriy etish masalasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada talabalar so‘nggi 20 yillikdagi eng yomon natijani qayd etgandi.