12:43, Avgust 19, 2026
/
7,0 тыс

Tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontrakt hali ham o‘z kuchida!

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot yo‘nalishlarida oshirilgan to‘lov-kontrakt – super-kontrakt bekor qilinishi mumkinligi haqida avvalroq taklif ilgari surilgan edi. Biroq hozircha bu tartib kuchga kirgani yo‘q.

2026-yil 3-mart kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Tibbiyot va farmatsevtika ta’limi sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirilgan edi. Loyihada 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot sohasida kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat yo‘nalishlariga super-kontrakt asosida talaba qabul qilish tartibini bekor qilish taklif qilingan.

Shuningdek, davlat imtihonlarida minimal o‘tish ballarini:

– shifokor mutaxassisliklari uchun 70 foiz;

– o‘rta tibbiy xodim mutaxassisliklari uchun 60 foiz

etib belgilash nazarda tutilgan edi.

Hozirgi tartib qanday?

Muhim jihati shundaki, mazkur hujjat hozircha faqat loyiha bo‘lib qolmoqda. U amaldagi normativ-huquqiy hujjat sifatida qabul qilinmagan. Shu sabab loyihada ko‘zda tutilgan super-kontraktni bekor qilish haqidagi norma ham hozircha kuchga kirgani yo‘q.

Ya’ni amaldagi tartibga ko‘ra, tibbiyot yo‘nalishlariga super-kontrakt asosida qabul qilish imkoniyati saqlanib qolmoqda.

Ammo tartib o‘zgarishi mumkin

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, mas’ullar tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontraktni butunlay bekor qilish bo‘yicha hozircha o‘zgarish kutilmayotganini bildirgan. Biroq qabul tartibiga qo‘shimcha talablar yoki yangi mezonlar kiritilishi mumkin. Masalan, super-kontrakt asosida o‘qishga kirish imkoniyati barcha abituriyentlarga emas, balki ma’lum minimal balldan yuqori natija qayd etgan talabgorlargagina berilishi ehtimoli bor.

Hozircha bunday tartibning aniq mezonlari, minimal ball chegarasi yoki boshqa shartlari bo‘yicha rasmiy qaror e’lon qilinmagan. Demak, ayni paytdagi holat bo‘yicha tibbiyot yo‘nalishlarida super-kontrakt bekor qilinmagan. Ammo 2026/2027-o‘quv yili qabuli uchun uning qo‘llanish tartibida ayrim o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

Rasmiy tartib tasdiqlangach, super-kontrakt bo‘yicha yakuniy shartlar ham ma’lum bo‘ladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari