Tibbiyotga kirishda minimal ball 113,4 bo‘ladi

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika yo‘nalishlariga, jumladan, maqsadli qabul doirasida ham talabalikka kirish uchun minimal chegara maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi. Bu Prezidentning 2026-yil 10-sentyabrdagi “Tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 191-son Farmonida belgilangan.
Amaldagi test tizimida maksimal ball 189 ball bo‘lsa, uning 60 foizi 113,4 ballni tashkil etadi. Ya’ni, mazkur talab qo‘llanilganda abituriyent talaba bo‘lish uchun kamida 113,4 ball to‘plashi kerak bo‘ladi.
O‘qish jarayonida ham minimal ball talabi belgilanadi
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi bakalavriat, magistratura va rezidentura dasturlarida o‘quv modullarini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlari uchun minimal o‘tish ballari quyidagicha belgilanadi:
– shifokor mutaxassisliklari uchun – eng yuqori ballning 70 foizi;
– o‘rta tibbiyot xodimi mutaxassisliklari uchun – 60 foizi.
Ilmira Alizoda