07:55, Sentabr 11, 2026
/
4,7 тыс

Til markazlaridagi narx-navo: Kimda qimmat, kimda arzon?

“Til o‘rganaman, chetda o‘qiyman” degan abituriyentlar, talabalar talaygina. Chunki bugun O‘zbekiston oliygohlariga o‘qishga kirish, ishlash yoki biror bir yaxshiroq ishga joylashish uchun ham chet tillarini bilish kerak. Kimdir til o‘rganishga yillar sarflasa, yana kimdir qisqa fursatda ishni hal qiladi. Xorijiy tillarni mustaqil o‘rgansa ham bo‘ladi, aslida. Faqat buning uchun kishida o‘rganilayotgan til bo‘yicha boshlang‘ich ko‘nikmalar, deylik grammatika tomonlama ustunlik, qolaversa, intizom bo‘lishi kerak. Nega deganda istalgan tilning asosi grammatika, ya’ni gaplarning muayyan tuzilishi bo‘yicha qoidalarni o‘rganish lozim va maqsadga erishishda xohish bo‘lishi zarur.

Lekin tilni o‘quv markazga yoki biror o‘qituvchiga borib o‘rganmoqchi bo‘lganlar uchun arzon va hamyonbop, shu o‘rinda sifatli joy bo‘lmog‘i lozim. “Avlod Media” ushbu materialda O‘zbekistonda tilni qayerlarda o‘rganish mumkinligi va narxlar qanchaligiga to‘xtaladi.

O‘quv markazlar “o‘ladimi”?

O‘z faoliyatini 2006-yilda repetitorlikdan boshlagan tadbirkor “Profi” xususiy ta’lim muassasalari tarmog‘i asoschisi Bektosh Hotamov yaqin 10-20 yilda o‘quv markazlar o‘lmaydi deb hisoblaydi.

“Aslida o‘quv markazlarning asosiy vazifasi ta’limdagi teshiklarni yopish hisoblanadi. Hatto xususiy maktablar ham o‘quv markazlarning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi. Buni o‘quv markaz, bog‘cha, maktab, universitet bosqichlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkor sifatida ayta olaman. O‘quv markazlarning hozirgi ko‘rinishda saqlanib qolishi ham juda qiyin, ularning ko‘pchiligi onlaynga transformatsiya bo‘ladi, zumerlarning hayot tarzidan kelib chiqsak, ular onlayn ma’lumotni tezroq va qulayroq egallamoqda”, — deydi u.

Hotamov o‘zining o‘quv markaz tizimidan chiqib ketganidan keyin ham baribir bozorga qaytib kirishga harakat qilayotgani, bir necha marta muvaffaqiyatsiz urinishlar ham qilgani, ammo katta fokus qaratib kichik daromad olishga qoniqmayotganini aytadi.

“Bu ham masshtablashishning muammolaridan biri aslida. Masshtabga chiqishda bozorning qaysidir qismida ortga chekinishga majbursiz. Ammo hozir o‘quv markaz biznesida faoliyat olib borayotganlar albatta o‘sha o‘quv markazni onlayn formatga o‘tkazish haqida o‘ylashlari shart. Kelayotgan zumerlar oldingidek xonada qamalib o‘qishni istamaydi. Ha, to‘rtburchak xona modeli hali yana 10-20 yil saqlanadi, ammo bu uzoqqa bormaydi deb o‘ylayman, imkon boricha gibrid rejimga o‘tganlargina bozordagi ulushini sekin-asta oshirib boradi”, — deydi Hotamov.

Oxirgi statistikaga qaraganda, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 15 mingga yaqin o‘quv markazi faoliyat yuritmoqda. Mamlakatdagi o‘quv markazlarining mutlaq ko‘pchiligi (turli hisob-kitoblarga ko‘ra 70-80 foizi) aynan xorijiy tillarni (ayniqsa ingliz, rus, koreys, nemis tillarini) o‘rgatishga ixtisoslashgan. So‘nggi uch yil ichida mamlakatda o‘quv markazlari va repetitorlik xizmatlari soni 3 baravarga ko‘paydi.  O‘zbekistonda repetitorlik xizmatlari narxlari 2024-yildan 2025-yilgacha qariyb 7 foizga qimmatlagan.  Ya’ni o‘tgan yilning noyabr oyida repetitorlik xizmatlari narxlari oktyabr oyiga nisbatan, ya’ni bir oyda o‘rtacha 0,5 foizga ko‘tarilgan. 2024-yilning mos davri bilan solishtirilganda, repetitorlik xizmatlari narxlari 6,9 foizga oshgani kuzatilgan.

Eng yirik va ko‘p tarmoqli til markazlari poytaxtda joylashgan bo‘lib, litsenziyaga ega rasmiy markazlarning salmoqli qismi Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi. Til o‘rgatish bo‘yicha eng katta ulush ingliz tili (IELTS dasturlari), undan keyingi o‘rinlarda rus tili, koreys tili (ishlash va o‘qishga ketuvchilar uchun) hamda nemis va arab tillari kurslariga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda o‘nlab filiallariga ega bo‘lgan “Inter Nation”, “Cambridge Learning Centre”, “King’s Academy”, “Everest” kabi yirik brendlar bo‘lib, ularning har birida minglab talabalar tahsil oladi.

Qancha pul ketadi?

Keling, eng mashhur o‘quv markazlar misolida ko‘rib chiqamiz. Asosiy faoliyatini Toshkentda olib boradigan “Inter Nation” o‘quv markazining til kurslarining bir oylik narxi o‘rtacha 780 ming so‘mdan 1 mln so‘mgacha. Narxlar tanlangan kursning intensivligi va vaqtiga qarab o‘zgarishi mumkin. Jami 13 filiali bor: poytaxtda 11 ta, Samarqand va Andijonda 1 tadan.

Darslar yo‘nalishi umumiy ingliz tili (General English) va IELTS imtihoniga tayyorgarlik. Har bir talabaga 3 o‘qituvchi (asosiy o‘qituvchi, Speaking o‘qituvchisi va akademik tyutor/yordamchi) biriktiriladi. Birinchi dars bepul, shuningdek sun’iy intellektga ega Student App ilovasi mavjud. Ish vaqti har kuni soat 08:00 dan 22:00 gacha.

“Cambridge Learning Center” o‘quv markazida guruh darslari uchun oylik narxlar filiallarga qarab 960 ming so‘mdan 1 mln 50 ming so‘mgachani tashkil etadi. Toshkent shahridagi asosiy filiallar: (Darxon, Drujba, Novza, Yunusobod, Tinchlik, Algoritm) guruh darslari (General English / IELTS) oyiga 1 mln 50 ming so‘m. Sergeli va Inyaz filillarida guruh darslari oyiga 960 ming so‘m. Samarqand va Farg‘ona filiallarida guruh darslari oyiga 930 ming so‘m. Alohida o‘qituvchi bilan yakka tartibda tayyorlanish oyiga 3 mln 450 ming so‘m. Bir oyda 12 ta dars (haftada 3 marta), har bir dars 80 daqiqa davom etadi. Guruhlarda maksimal 16 nafargacha o‘quvchi tahsil oladi. Gibrid ta’lim platformasi, maxsus mobil ilova, yakshanba kungi bepul tadbirlar (Sunday events) va yordamchi o‘qituvchi (assistant teacher) ko‘magi mavjud.

O‘quv markazida 6-12 oy o‘qib, rasmiy imtihondan 7.5 va undan yuqori ball olgan talabalarga 1 mln so‘mdan 1000 dollargacha keshbek (pul mukofoti) beriladi.

“Everest” o‘quv markazida ham narxlar farq qiladi. Lekin uning kurslari narxi boshqalarnikiga qaraganda arzon, ya’ni talabalar uchun hamyonbop va dars soatlari ham nisbatan ko‘proq. Bir oyda 12 ta dars (haftada 3 marta), har bir dars 2 soat (120 daqiqa) davom etadi. (Bu Inter Nation va Cambridgega qaraganda uzoqroq vaqt). Beginner va elementary oyiga 550 ming so‘m atrofida. Pre-IELTS oyiga 600 ming so‘m atrofida. IELTS Introduction va Graduation oyiga 650 ming so‘m. SAT va rus tili kurslari oyiga 550–650 ming so‘m. Viloyat filiallarida Toshkent shahridagi narxlardan 100 ming so‘m arzonroq.

Har bir daraja (level) 3-3,5 oy davom etadi. Markazda sun’iy tezlashtirilgan kurslar mavjud emas. Bitiruvchi guruhlar uchun bepul Speaking sessions, master-klasslar va yakshanba kungi darslar o‘tiladi. “Everest” tarkibida rasmiy CDI (Computer-delivered) IELTS topshirish imtihon markazi faoliyat yuritadi. “Everest” o‘quvchisi bo‘lmaganlar uchun ham rasmiy IELTS imtihoniga bepul ro‘yxatdan o‘tish xizmati mavjud.  Bir oiladan bir nechta farzand o‘qiyotgan bo‘lsa yoki bir o‘quvchi bir vaqtda bir nechta fanga qatnashsa, doimiy chegirmalar beriladi.

Narx jihatidan Everest o‘quv markazi “Inter Nation” va “Cambridge” markazlariga qaraganda sezilarli darajada arzonroq (hamyonbop), lekin dars davomiyligi (2 soat) bo‘yicha ulardan ko‘proq vaqt ajratadi. “Everest” o‘quv markazining Toshkentda 21 dan ortiq filiali mavjud.

Til o‘rganish ortidan o‘quv markazda jekpot yutgan talab

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 4-bosqich talabasi Muhammad Hodiyev esa boshqalardek ingliz tilini emas, aksincha dastlab fransuz tilini o‘rganishni ma’qul ko‘rdi. O‘zining aytishicha, fransuz tili “nafis til”, mayin eshitiladi. U hozirda Toshkentdagi “Luvr akademiyasi”da til o‘rganyapti. “Hozir fransuz tilini o‘rganyapman. O‘rtacha oyiga 500 ming so‘m atrofida til o‘rganishga sarflayman. Bu til kurslari ingliz tiliga qaraganda ancha arzonroq. Avvaliga shunchaki fransuz tilini o‘rganish uchun kursga kelgandim, lekin keyinchalik bu ancha katta imkoniyatlarga sabab bo‘ldi. Eng qiziq tomoni, shunchaki “Luvr akademiyasi” o‘quv markazida pul to‘lab til o‘rganish orqali Fransiyaga borish imkoniyatiga ega bo‘ldim. U yerda bo‘lib, o‘rgangan tilimni amalda ishlatish, fransuzlar bilan gaplashish va ularning madaniyatini yaqindan ko‘rish juda katta tajriba berdi”, — deydi u.

“Shaxsan o‘zim uchun bu juda yaxshi motivatsiya bo‘ldi. Chunki til o‘rganayotganda ba’zan “Buni o‘rganib nima foyda?” degan savol paydo bo‘ladi. Menda esa aksincha, o‘rgangan tilim sabab xorijga borib, yangi odamlar bilan tanishish va yangi tajriba orttirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Va qoʻshimcha qilamanki, men magistrni ham Fransiyada oʻqishni xohlayman. Bu mamlakat, bu til yuragimni bir qismida qolgan va olib tashlab boʻlmaydi”, — deydi Muhammad.

U til o‘rganmoqchi bo‘lganlarga faqat kursga qatnab qo‘yish emas, o‘zlariga imkoniyat yaratadigan, o‘quvchilarini qo‘llab-quvvatlaydigan markaz tanlashni maslahat berdi.

Xulosa o‘rnida

Bugungi kunda xorijiy tilni bilish shunchaki qiziqish emas, balki nufuzli oliygohda ta’lim olish va munosib ish topishning eng muhim shartiga aylanib ulgurdi. O‘quv markazlari o‘z faoliyatini to‘xtatmasligi, biroq an’anaviy ta’limdan zamon talabiga mos gibrid va onlayn formatlarga o‘tish jarayoni tezlashishi tabiiy holga aylanmoqda. O‘zbekiston bozorida har kim o‘z cho‘ntagi va maqsadiga mos kurslarni topishi mumkin bo‘lib, qimmatroq va intensiv xizmat taklif qiluvchi yirik brendlar qatorida, hamyonbop va ko‘proq dars soati ajratadigan markazlar ham talaygina. Shu o‘rinda, faqat ingliz tili bilan cheklanib qolmasdan, fransuz yoki boshqa tillarni o‘rganish ham kutilmagan yirik eshiklarni, jumladan, xorijga sayohat va o‘qish imkoniyatlarini ochishi mumkinligini amaliy tajribalar ko‘rsatmoqda. Til o‘rganish xarajatlari o‘zini to‘liq oqlashi uchun faqatgina dars o‘tadigan emas, balki o‘quvchini rag‘batlantiradigan: yaxshi natija uchun keshbek beradigan yoki xorijda amaliyot o‘tash imkonini yaratadigan markazlarni tanlash maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, til o‘rganish “cho‘ntak ko‘taradigan” jarayon bo‘lishi o‘quvchining to‘g‘ri strategiya va o‘ziga mos o‘quv markazini aniq tanlay olishiga bevosita bog‘liq bo‘lib, tilga va o‘z ustida ishlashga tikilgan sarmoya kelajak uchun qilingan eng ishonchli investitsiyadir.

Fikrlar (0)
Avval yangilari