To‘lovlar davlat hisobidan qoplanadi – Prezident yangi farmonni imzoladi

Kecha, 2025-yil 20-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 222-son Farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlar uchun safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi, ushbu maqsad uchun alohida subsidiya ajratish amaliyoti esa bekor qilinadi.
Shuningdek, ularning avtomototransport haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash bo‘yicha “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali haydovchilik guvohnomasining A, B, D va DE toifalarini olish uchun subsidiya to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarini to‘lov-kontrakt summasining 50 foizgacha (ammo BMH ning 50 baravaridan oshmagan) qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi.
Farmonga ko‘ra, ayni bir shaxs 1 yil davomida turli ijtimoiy yordam turlaridan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.
Mazkur tartib yoshlarning kasb-hunar egallashi, oliy va kasbiy ta’lim darajasini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ijtimoiy yordamni manzilli va sharti aniq bo‘lgan mexanizmlar orqali taqdim etishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.