Toshkent metrosidan 5 soatda 288 ming yo‘lovchi foydalandi

14-sentyabr kuni O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimi sezilarli darajada oshdi.
“Toshkent metropoliteni” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, soat 05:00 dan 10:00 gacha 288 187 nafar yo‘lovchi metro xizmatlaridan foydalangan.
Yo‘lovchilar oqimi ayniqsa Chinor, Sergeli, Choshtepa, Olmazor, Chilonzor, Buyuk ipak yo‘li, Do‘stlik va Beruniy bekatlarida yuqori bo‘lgan.
Yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish maqsadida metro yo‘nalishlarida poyezdlar harakati quyidagi intervallarda tashkil etilgan:
– Chilonzor yo‘nalishida – 1,5-2 daqiqa;
– O‘zbekiston yo‘nalishida – 3 daqiqa;
– Yunusobod yo‘nalishida – 4 daqiqa;
– Yer usti halqa yo‘nalishida – 7-8 daqiqa.
Metropoliten tomonidan yo‘lovchilar oqimi doimiy monitoring qilinib, zaruratga ko‘ra poyezdlar harakati muvofiqlashtirib borilmoqda.
Mazkur choralar yo‘lovchilarga qulaylik yaratish hamda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.