13:15, Iyul 24, 2026
/
5,5 тыс

Toshkentdagi institut o‘rnida yangi universitet tashkil etiladi

O‘zbekistonda yengil sanoat va tadbirkorlik sohalarida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan Prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat loyihasiga asosan, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti negizida Toshkent davlat yengil sanoat va tadbirkorlik universitetini tashkil etish taklif qilinmoqda.

Yangi universitet muhandislik, dizayn, sanoat texnologiyalari, iqtisodiyot, biznes boshqaruv va logistika sohalariga ixtisoslashadi.

Loyihadagi asosiy takliflar va kutilayotgan o‘zgarishlar:

  • Dual ta’lim tizimini joriy etish: 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab talabalar bevosita korxonalar buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilinadi. Universitet, korxona va talaba o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuzilib, bitiruvchilarni kafolatlangan ish joyi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
  • Xorijiy universitetlar bilan qo‘shma dasturlar: Turkiyaning Ege universiteti bilan hamkorlikda “Yengil sanoat muhandisligi” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
  • “Universitet – laboratoriya – Palata – korxona” ekotizimi: Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga joriy etish va eng yaxshi ilmiy g‘oya mualliflarini Savdo-sanoat palatasi tomonidan BHMning 30 baravari miqdorida rag‘batlantirish taklif etilmoqda.
  • Shvetsiya tajribasi asosida transformatsiya: To‘qimachilik chiqindilarini qayta ishlash bo‘yicha Shvetsiyaning Boras universiteti bilan hamkorlik o‘rnatilib, universitet ta’lim tizimini Yevropa standartlariga moslashtirish rejalashtirilgan.
  • To‘liq raqamlashtirish: Qog‘oz shaklidagi hujjat yuritishni bekor qilish, gibrid ta’lim, mol-mulkni “smart-xatlov” tizimi va universitet bo‘ylab 360° virtual turlarni ishga tushirish nazarda tutilgan.
  • “Yosh muhandislar maktabi”: Maktab va litsey bitiruvchilarini aniq fanlar (matematika, kimyo, fizika) bo‘yicha universitetga tayyorlash tizimi joriy qilinadi.

Ushbu qaror loyihasi 2026-yilning 31-iyuliga qadar jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi.

Loyihaning to‘liq matni bu yerda👈

Fikrlar (0)
Avval yangilari