Transport universiteti talabalariga Xitoyda grant o‘qish imkoniyati yaratildi

Toshkent davlat transport universiteti hamda Changan University o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi natijalari sarhisob qilinib, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv, ilmiy tadqiqotlar va malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Changan universiteti Toshkent davlat transport universiteti talabalari uchun grant o‘rinlarini ajratdi.
Bunda, bakalavriat bosqichi uchun 100 nafar talaba qabul qilinadi. Grant doirasida kontrakt to‘lovining 50 foizi qoplanadi, talabalar turar joyi xarajatlari to‘liq moliyalashtiriladi hamda har oy 1000 yuan (1 478 000 so‘m) stipendiya beriladi.
Magistratura bosqichi bo‘yicha 30 nafar talaba uchun 100 foizlik grant ajratilgan. Bundan tashqari, ularga har oy 2000 yuan (2 956 000 so‘m) stipendiya to‘lanadi.
Doktorantura (PhD) bosqichi uchun esa 10 nafar nomzod qabul qilinadi. Ular to‘liq grant asosida tahsil olib, oyiga 3000 yuan (4 434 000 so‘m) stipendiya oladi.
Grant dasturiga hujjat topshirishning so‘nggi muddati — 2026-yil 30-iyul.
Ma’lumot uchun, 2025-yilda Samarqandda o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy ta’lim va transport-logistika hamkorligi forumlari doirasida Toshkent davlat transport universiteti hamda Shaanxi provinsiyasi hamkorlari ishtirokida “O‘zbekiston–Xitoy transport va logistika fakulteti” tashkil etilgan edi. Hozirda universitetning 15 nafar magistranti Changan universitetida grant asosida tahsil olib, birinchi o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlagan.