“Umumiy tibbiyot”ni tamomlaganlar oilaviy shifokor bo‘la oladi

Farmonga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan tibbiyot va farmatsevtika sohasida kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriatiga qabul qilishning minimal chegarasi kirish imtihonlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan maksimal ballning 60 foizi etib belgilanadi.
Mazkur tartib, jumladan, maqsadli qabul parametrlari doirasidagi qabulga ham tatbiq etiladi.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab tibbiyot va farmatsevtika sohasida quyidagi tartiblar joriy etiladi:
– bakalavriat, magistratura va rezidentura dasturlarida o‘quv modullarini o‘zlashtirish hamda davlat imtihonlarida minimal o‘tish bali shifokor mutaxassisliklari uchun 70 foiz, o‘rta tibbiyot xodimi mutaxassisliklari uchun esa 60 foiz etib belgilanadi;
– tor soha mutaxassisliklari bo‘yicha qisqa muddatli qayta tayyorlash kurslari yoki dasturlari orqali qo‘shimcha ixtisoslashtirish bekor qilinadi;
– birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari, ya’ni internaturaga qabul bekor qilinadi.
2027/2028-o‘quv yilidan hamshiralik sohasida yangi ta’lim yo‘nalishlari joriy etiladi.
Jumladan, hamshiralik ishi kasbiy ta’lim mutaxassisligi negizida tibbiy hamrohlik ishi, oliy hamshiralik ishi bakalavriat yo‘nalishi negizida esa oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat yo‘nalishi tashkil etiladi.
Mazkur yo‘nalishlarni tamomlagan xotin-qizlarga hamshira, erkaklarga esa tibbiyot og‘asi kvalifikatsiyasi beriladi.
Shuningdek, oliy tibbiy hamrohlik ishi bakalavriat yo‘nalishida davlat buyurtmasi asosidagi qabul parametrlari 2030/2031-o‘quv yiliga qadar har yili kamida 20 foizga oshirib boriladi.
Ilmira Alizoda