12:52, Iyul 29, 2026
/
341

Talabaga sevgi izhor qilgan universitet o‘qituvchisi qamaldi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida nodavlat oliy ta’lim muassasalaridan birida faoliyat yuritgan o‘qituvchi talaba qizga bir necha bor sevgi izhor qilgani va uni uchrashuvga taklif qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 1993-yilda tug‘ilgan o‘qituvchi nodavlat universitetlardan birida talabalarga axborot texnologiyalari fanidan dars berib kelgan. 2026-yilning yanvar oyida u talaba qizlardan biriga bir necha marta sevgi izhor qilgan. Shuningdek, qizni uchrashuvga va “chegarasiz do‘stlik”ka taklif etgan. Talaba qiz uning takliflarni rad etgan. 

Talabaning ta’kidlashicha, shundan so‘ng o‘qituvchining unga bo‘lgan munosabati o‘zgargan va yakuniy nazorat imtihonida 40 ball o‘rniga 38 ball qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan talaba 20-iyun kuni ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. O‘tkazilgan tekshiruv davomida o‘qituvchi talaba qizga sevgi izhor qilgani va uni uchrashuvga taklif etganini tasdiqlagan.

Sud majlisida o‘qituvchi aybiga iqror bo‘lib, sevgi izhor qilganini tan olgan, biroq talaba qizga nisbatan hech qanday shahvoniy harakat sodir etmaganini bildirgan. Shuningdek, voqeadan so‘ng ishdan bo‘shatilganini aytib, suddan yengillik so‘ragan.

Shayxontohur tuman sudi uni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41 -moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, 3 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinlagan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari