Xivada Xitoyning Lyaonin pedagogika universiteti filiali ochiladi

Vazirlar Mahkamasining “Lyaonin pedagogika universitetining Xiva shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ushbu Filialda ta’lim faoliyati bеlgilangan tartibda litsеnziya olinganidan so‘ng 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi.
Yangi oliygohda ta’lim jarayonlari kunduzgi va masofaviy (onlayn) shakllarda, darslar esa xitoy, o‘zbek va ingliz tillarida olib borilishi rejalashtirilmoqda.
Filialda quyidagi zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha talabalar qabul qilinadi.
- Bakalavriat:
- Xalqaro xitoy tili ta’limi;
- Turizm boshqaruvi;
- Xalqaro biznes;
- Sun’iy intellekt.
- Magistratura:
- Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi;
- Ta’lim boshqaruvi;
- Sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari.
Bitiruvchilarga beriladigan universitet diplomi O‘zbekistonda qo‘shimcha imtihonlarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi. Filial Xiva shahar, Qibla-Tozabog‘ mahallasi, Maktab ko‘chasi, 57-uy manzilida joylashgan binoda bepul foydalanish huquqi asosida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygohda talabalar va o‘qituvchilar uchun qator qulayliklar yaratiladi. Xususan, universitet har yili to‘lov-kontrakt tushumining kamida 5 foizini moliyaviy qiyinchilikdagi va iqtidorli talabalarga stipendiya berish uchun ajratadi. Oliygoh nafaqat kontrakt mablag‘lari va Xitoy subsidiyalari, balki O‘zbekiston davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ham moliyalashtiriladi. Shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida, filial professor-o‘qituvchilari va xodimlarining oylik maoshlari 1,5 baravar yuqori miqdorda hisoblanadi.
Qaror loyihasi hozirda muhokama jarayonida. Fuqarolar mazkur loyiha bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini regulation.adliya.uz platformasi orqali qoldirishlari mumkin.