07:33, Oktabr 7, 2026
/
1,1 тыс

Xorijda o‘qish imkoniyati: “El-yurt umidi” kimlarning hujjatlarini qabul qilmaydi?

“El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ochiq stipendiya tanlovlarida ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar uchun bir qator talab va cheklovlar belgilangan. Xo‘sh, kimlar ushbu tanlovda ishtirok eta olmaydi va kimlarning hujjatlari qabul qilinmaydi?

Quyida ta’lim bosqichlari bo‘yicha cheklovlar va umumiy talablar keltirib o‘tiladi:

1. Bakalavriat bosqichi bo‘yicha:

  • 30 yoshdan katta bo‘lgan shaxslar;
  • Avval o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar.

2. Magistratura bosqichi bo‘yicha:

  • 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lganlar;
  • Avval ayni yoki turdosh mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistratura bosqichida ta’lim olganlar;
  • 1 yildan kam mehnat stajiga ega bo‘lgan nomzodlar.

3. Doktorantura bosqichi bo‘yicha:

  • 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lganlar;
  • Avval PhD, fan nomzodi yoki DSc ilmiy darajasini xorijda olganlar, shuningdek, O‘zbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lganlar;
  • 2 yildan kam mehnat stajiga ega bo‘lganlar.

Umuman ishtirok eta olmaydigan boshqa toifalar:

  • Oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar (ushbu qoida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlarga tatbiq etilmaydi);
  • Xorijiy mamlakatlarda ta’lim olishi bilan bog‘liq xarajatlari boshqa dasturlar asosida ajratiladigan grantlar yoki stipendiyalar orqali to‘liq moliyalashtiriladiganlar (shu jumladan, Chevening, Fulbright, Erasmus Mundus, DAAD, KOICA, JICE va boshqalar);
  • Xorijda sirtqi va onlayn dasturlar orqali ta’lim oladiganlar;
  • Jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu cheklovlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.05.2025 yildagi PF-77-son Farmoniga asosan belgilangan.

Ra’no Nusratilloyeva

Fikrlar (0)
Avval yangilari