“Xo‘rlayvermang, mening ham uvolim bor”: Toshkentda yuzlab talabalar ko‘chada qoldi

Toshkent davlat texnika universiteti hududida joylashgan yangi talabalar turar joyidan 300 nafar yigit-qizning yarim tunda ko‘chaga chiqarib yuborilgani jamoatchilik o‘rtasida keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Vazirlik bergan bayonotga ko‘ra, ushbu yotoqxona TDTU va xususiy tadbirkor o‘rtasidagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi asosida barpo etilgan. Ammo bino hali rasman foydalanishga topshirilmagan, kadastr hujjatlari va zarur ruxsatnomalari tayyor emas, qolaversa, issiq suv va isitish tizimlari ham to‘liq ishga tushmagan.
Shuncha kamchiliklari va taqiqlarga qaramay, xususiy sherik – tadbirkor davlatning yagona elektron tizimini (my.gov.uz) aylanib o‘tgan holda, o‘zboshimchalik bilan talabalarni binoga joylashtirgan va ulardan to‘lov undirgan. Bu jarayondan na universitet rahbariyati va na vazirlik xabardor bo‘lgan. Bundan tashqari, binoga faqatgina TDTU talabalari emas, balki boshqa oliygohlar va hatto xorijlik talabalar ham hech qanday rasmiy yo‘llanmasiz joylashtirilgan.
Mazkur holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni taʼminlash maqsadida barcha talabalar obyektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud boʻsh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirilgan. Boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalari esa tegishli masʼullar orqali oʻz taʼlim tashkilotlariga qaytarilgan. Tadbirkor tomonidan talabalardan noqonuniy undirilgan mablag‘lar ham 100 foiz egalariga qaytarib berilgan.
Biroq Kun.uz internet nashriga murojaat qilgan talabalar aytayotgan faktlar va rasmiy bayonot o‘rtasida jiddiy nomuvofiqlik ko‘zga tashlanmoqda.
Eng asosiy e’tiroz – talabalarning joylashtirilishi masalasida. Vazirlik o‘z bayonotida talabalar xavfsizligi ta’minlanib, ular TDTUning mavjud bo‘sh yotoqxonalariga vaqtincha joylashtirilganini yozgan. Ammo voqea ichida bo‘lgan talabalarning Kun.uz‘ga bergan intervyusi rasmiylarning bu hisobotini shubha ostiga qo‘yadi. Qizlar va yigitlar yarim tunda prorektor va ichki ishlar xodimlaridan “endi qayerga boramiz, ko‘chada qolamizmi?” deb najot kutganida, ularga hech qanday amaliy yechim taklif qilinmagan. Natijada, yoshlar tungi sovuqda o‘z aravasini o‘zi tortishga majbur bo‘lib, kimdir puliga xostel qidirgan, yana kimdir tanishining uyiga ketgan. Xo‘sh, savol tug‘iladi: agar vazirlik aytganidek barchaga bo‘sh joy qilib berilgan bo‘lsa, nega talabalar ko‘chada sarson bo‘lib xostelma-xostel yugurgan?
Ikkinchi haqli e’tiroz – ma’muriyatning ko‘r-ko‘ronaligi. Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan bino hali rasman foydalanishga topshirilmagan, kadastr hujjati ham, isitish tizimi ham yo‘q ekan, xususiy tadbirkor qanday qilib yuzlab talabalarni u yerga kiritib, ochiqchasiga pul yig‘ib kelgan? Universitet ma’muriyati va mas’ullar shundoqqina burnining tagida, o‘z hududidagi binoga 300 kishi ko‘chib kirib, yashab kelayotganidan rostdan ham bexabar bo‘lishi mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Yo qoidabuzarlik muammoga aylangandagina mas’ullarning “ko‘zi ochildimi”?
Tadbirkor pullarni 100 foiz qaytarib bergani bilan ish bitmaydi. Yoshlarning tun yarmida sarson qilingani, ularga qilingan psixologik bosim va xavfsizlik masalasi ochiq qolmoqda. Mutasaddilar bu kabi holatlarda shunchaki silliq raddiya yoki oqlanuvchi bayonot berish bilan cheklanmasdan, nega tizim aylanib o‘tilgani va nega talabalar amalda ko‘chada qolib ketganiga ham ochiq va haqqoniy javob berishlari zarur!
Ra’no Nusratilloyeva