O‘zbekistonda yangi akademiya tashkil etiladi

O‘zbekistonda 20-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev 2025-yildagi sport tadbirlari natijalari va 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalarni ko‘rib chiqdi. Prezident matbuot xizmati tadbir mavzulari haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, aholining ommaviy sport bilan qamrovi 15 million nafarga yetdi, sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilarning soni so‘nggi yillarda qariyb 1,5 barobarga oshdi.
2025 yilda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Jahon universiadasida 13-o‘rinni, Bahrayndagi Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqasida 2-o‘rin, BAA dagi Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida 1-o‘rinni egalladi.
Futbol bo‘yicha milliy terma jamoa ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi, joriy yil shaxmatchi Javohir Sindarov esa jahon toji uchun Nomzodlar turnirida ishtirok etadi.
Prezident iqtidorli yoshlarni erta aniqlash va ularni maqsadli tayyorlash tizimini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Davlat rahbari, shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston kurashda ham mintaqaviy, ham global miqyosda mustahkam o‘rin egallaganini ta’kidladi. Endilikda bu sportni yanada ommalashtirish uchun Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasi tashkil etilishi belgilandi. Bu yildan boshlab Prezident kubogi, “O‘zbekiston botirlari” turniri, Bosh prokuror kubogi va harbiy xizmatchilar o‘rtasida kurash sport musobaqalari doimiy o‘tkazib boriladi.