07:42, Sentabr 21, 2026
/
263

Yangi rektor, yangi tibbiy klaster, yangi tajribalar – Prezidentning Qoraqalpog‘istonga tashrifi qanday o‘tdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18-19-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida hududdagi ta’lim, tibbiyot va yoshlar siyosatiga oid qator yangi vazifalar belgilandi. Tashrif doirasida oliy ta’lim tashkilotlari, texnikumlar va tibbiyot muassasalarida yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirilib, kadrlar tayyorlashni hudud iqtisodiyoti va mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.

OTMlarning hudud rivojidagi roli kuchaytiriladi

Qoraqalpog‘istondagi oliy ta’lim tashkilotlarining hudud rivojidagi ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Xususan, OTMlarning korxonalar bilan hamkorligini kengaytirish, dual ta’limni rivojlantirish, talabalarni amaliyotga ko‘proq jalb etish hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatidan hududdagi muammolarni hal etishda foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, OTMlarning mahallalar bilan hamkorligini kuchaytirish masalasiga ham e’tibor qaratilgan.

Bo‘zatov tumanida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining tegishli fakultetini tashkil etish imkoniyati ham o‘rganilmoqda.

Qoraqalpog‘istonda Universitet tibbiy klasteri tashkil etiladi

Tibbiyot sohasida Nukus tibbiyot ilmiy akademiyasi, Bolalar klinikasi, Onkologiya markazi va yangi ko‘p tarmoqli shifoxonani birlashtirgan Universitet tibbiy klasteri tashkil etilishi belgilandi.

Shuningdek, Mo‘ynoqqa borib ishlayotgan shifokorlarga berilayotgan 200 foizgacha oylik ustama 2027-yil 1-yanvardan Bo‘zatov va Taxtako‘pir tumanlarida ham joriy etilishi belgilangan.

Tibbiyot xodimlari malakasini oshirish uchun yangi imkoniyatlar

Qoraqalpog‘iston ilmiy-amaliy tibbiyot akademiyasida shifokorlar, o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari hamda klinik ordinatorlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Akademiyada yiliga 3 ming nafar shifokor, 6 ming 800 nafar o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimi hamda 100 nafarga yaqin klinik ordinatorni tayyorlash imkoniyati mavjud.

Muassasada 18 ta simulyatsion xona tashkil etilib, 50 dan ortiq yo‘nalishda raqamli va simulyatsion ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Akademiyada “Edge Medical” jarrohlik roboti ham o‘rnatilgan. Prezident xabarida mazkur qurilma Markaziy Osiyoda yagona ekani qayd etilgan.

Akademiya AQShning Pittsburg va Germaniyaning Frayburg universitetlari bilan hamkorlik qilmoqda.

Nukusdagi texnikumda xalqaro ta’lim dasturi joriy etildi

Nukus shahridagi 1-son texnikumda Buyuk Britaniyaning Pearson BTEC xalqaro ta’lim dasturi joriy etilgan.

Mazkur dastur dunyoning 70 ta mamlakatida qo‘llanadi. Texnikumda nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida zamonaviy o‘quv ustaxonalari va raqamli laboratoriyalar tashkil etilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 11,9 milliard so‘mni tashkil etib, 240 o‘rinli zamonaviy ustaxonalar yaratilgan. Hozirda texnikumda 1 ming 203 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.

Texnikumda dual ta’limni yo‘lga qo‘yish hamda hudud iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun mutaxassislar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Pearson BTEC dasturi yana 4 ta texnikumda joriy etiladi

Nukusdagi tajribani kengaytirish maqsadida yangi o‘quv yilidan Amudaryo, Beruniy, Chimboy va Qo‘ng‘irot tumanlaridagi bittadan texnikumda Pearson BTEC xalqaro dasturini joriy etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, texnikumlarda yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarni IT va logistika sohasiga jalb etish

Qoraqalpog‘istonda bir yil ichida 1 ming nafar, keyingi ikki yil davomida esa yana 5 ming nafar yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi belgilandi. Bundan tashqari, olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini o‘rgatish uchun xorijda yashayotgan kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni hududga jalb etish va tegishli loyihalarni boshlash topshirildi.

Yoshlar uchun kasb-hunar o‘rganish imkoniyatlari kengaytiriladi

1-oktyabrdan yoshlar uchun asbob-uskuna sotib olishga ajratiladigan ssuda miqdori 20 million so‘mdan 50 million so‘mgacha oshiriladi.

“Usta-shogird” asosida kasb o‘rganish xarajatlarini qoplashda yosh chegarasi esa 30 yoshdan 40 yoshgacha oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutiga yangi rektor tayinlandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan Dauletmuratov Muxamedali Mirzamuratovich Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti rektori lavozimiga tayinlandi.

U ushbu tayinlovga qadar institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritgan.

Yangi rektorning ilmiy faoliyati tuproq unumdorligi, sho‘rlanish, yer degradatsiyasi, qishloq xo‘jaligi ekinlarini avtomatlashtirilgan o‘g‘itlash va GAT texnologiyalari yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Ilmira Alizoda

Fikrlar (0)
Avval yangilari