Kontrakt to‘lovini davlat qoplaydi: yangi tartib

Ozarbayjonda ayrim toifadagi talabalarni davlat byudjeti hisobidan o‘qitish tartibi joriy etilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, minalardan tozalash ishlari davomida halok bo‘lgan shaxslarning farzandlari uchun ta’lim to‘lovlari davlat byudjeti hisobidan qoplanadi. Bu imtiyoz Ozarbayjon hududidagi barcha ta’lim muassasalarida — ularning mulkchilik shaklidan qat’i nazar, amal qiladi (qo‘shimcha ta’lim bundan mustasno).
Ushbu o‘zgarishlar 2026-yil 15-sentabrdan kuchga kiradi. Shuningdek, mazkur imtiyoz qonun kuchga kirgunga qadar minalardan tozalash vaqtida halok bo‘lgan yoki jarohati sabab vafot etgan sapyorlarning 23 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan sapyorlar oila a’zolarining oylik soliq solinadigan daromadi 400 manatga kamaytirilishi ham nazarda tutilgan.
Mazkur qonun loyihasi parlamentda ovozga qo‘yilib, uchinchi o‘qishda qabul qilindi.