07:21, Avgust 10, 2026
/
222

Yo‘q talabalarga baho qo‘ygan 9 universitet jazolandi

Talaba darsga kelmagan. Davomatda esa “qatnashgan”. Hatto imtihonga kirib, ijobiy baho olib, keyingi bosqichga ham o‘tgan. Afg‘onistondagi ayrim xususiy universitetlarda aynan shunday holatlar aniqlangach, mamlakat Oliy ta’lim vazirligi 7 ta universitet faoliyatini bir yilga to‘xtatdi, yana 2 tasining litsenziyasini butunlay bekor qildi.

Auditoriyada yo‘q, ro‘yxatda bor

Tekshiruvlarda “ghost students”, ya’ni hujjatlarda talaba sifatida qayd etilgan, ammo amalda darsga qatnashmagan shaxslar aniqlangan. Ayrim universitetlarda semestrning dastlabki 10 haftasida davomat talab darajasida yuritilmagan.

Eng qizig‘i, darslarni ko‘p qoldirgani sabab o‘qishni davom ettirishiga ruxsat berilmasligi kerak bo‘lgan talabalar ham yakuniy imtihonlarga kiritilgan.

Ular imtihondan o‘tgan, baho olgan va keyingi semestrga ko‘chirilgan.

Bir semestr darsga kelmagan talaba “qatnashgan” bo‘lib chiqqan

Litsenziyasi bekor qilingan ikki universitetda esa holat yanada jiddiy bo‘lgan.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, butun semestr davomida darsga kelmagan ayrim talabalar davomat hujjatlarida mashg‘ulotlarda qatnashgan deb ko‘rsatilgan. Talaba auditoriyada bo‘lmagan, lekin hujjatda uning “izi” bor.

Bunday holat esa nafaqat davomat, balki baholash tizimi va berilayotgan diplomlarning ishonchliligiga ham savol tug‘diradi.

Tibbiyot talabalari qayerda?

Tekshiruvchilar tibbiyot fakultetlaridagi amaliyotlarni ham ko‘zdan kechirgan.

Tibbiyot talabalarining muhim amaliy mashg‘ulotlari shifoxonalarda o‘tishi kerak. Ammo inspeksiya vaqtida ayrim shifoxonalarda talabalarning o‘zi topilmagan.

Bundan tashqari, ba’zi universitetlarda laboratoriyalar, zarur jihozlar va amaliy mashg‘ulot uchun materiallar yetishmagan. Ayrim OTMlarda esa vazirlik tasdiqlagan o‘quv dasturi to‘liq o‘tilmagan.

Ogohlantirishdan keyin ham vaziyat o‘zgarmagan

Vazirlik universitetlarga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha avval ham bir necha bor ogohlantirish bergan. Natija bo‘lmagach, Barlas, Rah-e Saadat, Turkistan, Azhar, Barna, Rashad va Payam universitetlari bir yilga faoliyatdan chetlatildi.

Kohanduz University va Khana-e Danesh University esa litsenziyasidan butunlay mahrum bo‘ldi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari