14:00, Fevral 3, 2026
/
337

1 yilda 3744 nafar yosh narkojinoyat sodir etgan

2025-yilda narkojinoyat sodir etgan jami 11 mingdan ziyod shaxsning 3744 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etgan. Bu haqida Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov Toshkent shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, narkojinoyatga qo‘l urgan yoshlarning 111 nafari voyaga yetmagan shaxs, 59 nafari maktab o‘quvchisi, 124 nafari esa talaba bo‘lgan.

Mazkur statistika narkotik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga oid jinoyatchilikning kundan-kunga yosharib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bu tendensiya bir qancha omillarga bog‘liq. Xususan, ushbu jinoyat muhitining faol raqamlashtirilishi ham uni ommalashtirmoqda. Hayotimizga sun’iy intellekt juda tezlik bilan kirib kelayapti, bu esa qo‘shtirnoq ichidagi “kuchlar” uchun muhim rol o‘ynaydi. Yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi giyohvand moddalarning notibbiy iste’molini targ‘ib qiluvchi kontentlarga moyilligi ham asosiy sabablardan biridir.

“Shuningdek, iqtisodiy ahvoli biroz yaxshi bo‘lmagan yoshlarning narkotik moddalarni sotish uchun “zakladchik” yoki mayda kuryerlikka jalb qilinish holatlari ham kuzatilyapti. Narkotiklarning noqonuniy aylanmasida yoshlar ishtirokining oshayotgani, narkotik moddalar bozorining raqamlashtirilishi va jinoyat usullarini zamonaviylashuvi yoshlar bilan kompleks dasturlar orqali jiddiy ishlash zarurligini ko‘rsatmoqda”, — deya qo‘shimcha qildi Abdulaziz Mo‘minov. Agentlik rasmiysi bu borada yosh avlodning ma’naviy va ruhiy immunitetini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbir davomida yoshlar bu yo‘lga qandaydir qiziqish yoki “stress” ortidan kirib qolayotgani, agar ular orasida narkotikka qarshi immunitet hosil qilinsa, ular hech qachon bu yo‘lga kirmasligi haqida fikrlar bildirildi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari