Yoshlar IT o‘rganib, xorijda ishlashga tayyorlanadi

Olmazorda IT o‘rganib, xorijga ishlashga ketish uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi. 400 o‘rinli IT texnikumi ochiladi, 500 kishiga nemis tili o‘rgatiladi, xorijiy rekruting kompaniyalari jalb qilinadi. Bu yangilik Prezidentning Olmazor tumaniga qilgan tashrifi doirasida e’lon qilindi.
Shuningdek, Olmazor kasbiy ko‘nikmalar markazi negizida IT va ilg‘or innovatsiyalar bo‘yicha 400 o‘rinli texnikum tashkil etiladi. Sobiq Toshkent arxitektura-qurilish kolleji binosida esa zamonaviy kasb-hunar markazi ochiladi.
Nega bunday markazlar kerak?
Chunki hozir Olmazordagi ish beruvchilarga 4 mingdan ziyod o‘rta maxsus ma’lumotli kadr kerak. Yana qariyb 1 mingta ish o‘rniga maxsus ma’lumot talab qilinmaydi. Yoshlarni faqat mahalliy mehnat bozoriga emas, xorijga ishlashga ham tayyorlash rejalashtirilgan.
Buning uchun:
– 500 kishilik nemis tili kurslari tashkil etiladi;
– Chexiya va Slovakiya uchun tibbiyot xodimlari tayyorlanadi;
– Germaniya, Yaponiya, Koreya va Buyuk Britaniyadan 20 ta yirik rekruting kompaniyasi jalb qilinadi;
– Fransiya kompaniyalari bilan hamkorlikda yiliga 1,5 ming nafar fuqaro mavsumiy ishlarga joylashtiriladi.
Yana bir katta loyiha bor
Yoshlar shaharchasidagi 42 gektar hududda IT-park, yuqori texnologiyali sanoat va ta’lim obyektlarini birlashtirgan innovatsion klaster tashkil etiladi.
Ya’ni, Olmazorda yoshlar uchun oddiygina o‘quv markazlari emas, kasb o‘rganishdan tortib xorijda ish topishgacha bo‘lgan butun tizim yaratilishi rejalashtirilmoqda.