O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti javobgarlikka tortildi

Adliya vazirligi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjima qilgan amerikalik sharqshunos Mark Risning mualliflik huquqi buzilgani bo‘yicha chora ko‘rdi. Tarjimon 15 yil davomida tayyorlagan “Bygone Days” tarjimasi ruxsatsiz elektron shaklda tarqatilgani haqida murojaat qilgan.
O‘rganish natijasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti asarni tarjimondan ruxsat olmasdan, shartnomasiz raqamlashtirib, unilibrary.uz tizimiga joylagani aniqlangan.
Mazkur holat bo‘yicha universitetga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177¹-moddasi (Mualliflik huquqini va turdosh huquqlarni buzish) asosida bayonnoma rasmiylashtirilib, sud tomonidan 2 060 000 so‘m jarima qo‘llanildi. Shuningdek, asarning elektron nusxasi tizimdan o‘chirilgan.
Adliya vazirligi ta’kidlashicha, universitet mualliflik huquqlariga rioya qilish bo‘yicha seminar-trening tashkil etishga majbur bo‘lgan.
Tarjimonga esa qonunchilikka muvofiq BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon talab qilish huquqi borligi tushuntirilgan.