09:26, Dekabr 24, 2025
/
290

O‘zDJTU rektori Mark Riz bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi

Yaqinda tarjimon Mark Riz hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) o‘rtasidagi mualliflik huquqi “mojarosi” haqida axborot bergan edik. Mark Riz o‘zi 15 yil davomida ingliz tiliga tarjima qilgan Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” (Bygone Days) asari ruxsatsiz elektron shaklda tarqalayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat qilgach Adliya vazirligi tomonidan universitetda o‘rganish o‘tkazilgan. Natijada ushbu asar Mark Rizdan ruxsat olinmasdan, hech qanday shartnomasiz to‘liq holda elektron shaklga o‘tkazilgani va unilibrary.uz tizimiga joylangani aniqlangan.

13-dekabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan rektorlar forumi doirasida O‘zDJTU rektori Ilhom To‘xtasinov “Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda mazkur holat bo‘yicha munosabat bildiribdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asar 2022-yili undan oldingi rahbarga sovg‘a qilingan. Rektor esa kitobni universitet kutubxonasiga topshirgan. Keyinroq hukumat tomonidan barcha oliy ta’lim muassasalaridagi kutubxonalarda saqlanayotgan kitoblarni elektron tarzda jamlash vazifasi yuklatilgan. Topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida boshqa asarlar qatori “Bygone days” ham elektronlashtirilib tizimga joylashtirilgan. Munozarali vaziyat yuzaga kelgach esa elektron kutubxonadan o‘chirilgan.

“Bu narsa xalqniki, yozuvchi kitob yozgandan keyin faqat o‘zi uchun emas, balki xalq va shu jamiyat uchun ham yozadi-ku. Undan kimdir foydalanadi va shu orqali kelajakda rivojlanadi, tadqiqotlar olib boradi. Rivojlanish bo‘lishi uchun xalq bu narsalardan foydalanishi kerak. Masalan, o‘zim ham tarjimon sifatida “O‘tkan kunlar”ni ingliz tiliga tarjima qilganman. Agar talaba yoki tadqiqotchining sotib olish imkoniyati bo‘lmasa, elektron variantidan bo‘lsa ham foydalanib turish imkoniyatini beraman”, – deydi Ilhom To‘xtasinov.

Fikrlar (0)
Avval yangilari