Ota-onasi pedagog va shifokor bo‘lgan talabalar ham chegirma, ham subsidiya olishi mumkinmi?

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-noyabrdagi PQ-336-son “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun oliy ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt summasining bir qismini qoplash bo‘yicha subsidiya tizimi ishga tushirilgan.
Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat OTMlarida tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari uchun to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi miqdorida chegirma berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yildi.
Ushbu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: agar talabaning otasi yuqoridagi talablarga javob beradigan tibbiyot xodimi, onasi esa pedagog (yoki aksincha) bo‘lsa, u ikkala imkoniyatdan ham foydalanishi mumkinmi?
Qisqa javob: ha, mumkin. qonunchilikda bunga hech qanday taqiq qo‘yilmagan. Faqat talaba davlat oliy ta’lim muassasasida kunduzgi ta’lim shakli (bakalavriat) bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan bo‘lishi shart.
Subsidiyani rasmiylashtirish uchun arizani tibbiyot xodimi bo‘lgan ota yoki onaning o‘zi topshiradi. Chegirma olish bo‘yicha arizani esa talabaning o‘zi o‘qiyotgan oliygohiga topshiradi.
Ra’no Nusratilloyeva