«Kirish qiyin, o‘qish o‘yindek»

Bugun e’tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan mavzuimiz oddiy xalq orasida yillar davomida shakllangan haqiqat haqida bo‘ladi. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga oid mashhur o‘sha ibora — “Kirish qiyin, o‘qish esa o‘yin.”
Bu qarash asosan davlat oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi murakkablik va raqobat kuchli ekanini, biroq talaba bo‘lganidan so‘ng o‘qish jarayoni nisbatan yengil kechishini bildiradi.
Bu qanchalik haqiqatga mos? Ushbu maqolada aynan shu savolga javob izlaymiz.
Rostdan ham vaziyat iboradagi kabi bo‘lsa, talaba nimalarni yo‘qotadi?
Eng avvalo — vaqt va mablag‘ desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki abituriyent bir necha yil davomida aynan oliygoh talabasi bo‘lish uchungina aqliy mehnatga kirishadi, o‘qiydi va qaysidir ma’noda qiyin sinovdan o‘tish orqali talabalik maqomiga erishadi. Har bir oila abituriyent farzandining ta’limi uchun pul tikadi. Ammo institut yoki universitet ta’limi kutilganidek bo‘lmasa, yuqoridagi harakatlar natijasi nolga tenglashadi.
Bundan tashqari, kontrakt to‘lovlari va boshqa xarajatlar ham bor.
Tizimda chuqur bilim berilmasligi sababli, talaba kasbiy jihatdan “pishmagan” mutaxassisga aylanadi.
Oddiy misol: 2023-yilgi ish beruvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovda 60 % kompaniyalar yangi bitiruvchilarni yetarlicha tayyor emas, deb hisoblagan.
Ya’ni, faqat diplomga ega bo‘lish emas, balki qobiliyat va kompetensiya muhim bo‘lgan global mehnat bozorida bunday bitiruvchilar ish topishda qiynaladi.
Hatto ular ko‘plab xorijiy dasturlarga ham hujjat topshira olmaydi — asosiy sababi: amaliy ko‘nikmalarning yo‘qligi.
Bundan tashqari, bu holat motivatsiya va o‘z-o‘zini rivojlantirishga nisbatan qiziqish va harakatning so‘nishiga ham olib keladi.
Talabada o‘zini rivojlantirish, ilmiy izlanish qilish, mustaqil o‘rganish istagi susayadi.
Eng dahshatlisi esa — diplomni qo‘lga olgandan so‘ng boshlanadi…
So‘z isboti bilan bo‘lishi uchun, aynan yuqorida tilga olingan mavzuimizga qahramon bo‘la oladigan talabalar xulosalarini tingladik:
- Musurmonova Muxlisa, O‘zbekiston Sharqshunoslik universiteti talabasi:
Talaba bo‘lish istagi tufayli ko‘plab abituriyentlar juda qattiq mehnat qiladilar. Ammo talaba bo‘lgandan keyin, go‘yoki hayotdagi eng katta maqsadiga erishib bo‘lganday, hamma harakatlarni to‘xtatadilar. Aslida esa haqiqiy o‘qish, chinakamiga harakat qilish payti endi boshlangan bo‘ladi. Menimcha, shu qarash ko‘pchilik talabalarni qoloq, ilmsiz va kuchsiz kadr qilib qo‘ymoqda. Qars ikki qo‘ldan chiqqanidek, talabaning oliygohdagi faoliyati uning o‘ziga ham bog‘liq.
- Turopov Diyorbek, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi:
Shaxsan menda o‘qishga kirganimdan keyin hayotim tubdan o‘zgarib ketadi, degan fikr bor edi. Qaysidir ma’noda shunday bo‘ldi ham, ammo bilim jihatidan bunday deya olmayman. Darslarda va ta’lim sifatida kamchiliklar ko‘p, hammasi men kutganimdek emas.
- Nodira Murodova, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bitiruvchisi:
To‘g‘risi, darslarning 50 foizi haqiqatdan ham kerakli, qolgani esa bir xil nazariya. Bu bilan esa ish topib ketish qiyin. Qo‘shimcha o‘rganishga majburmiz. Aytishim mumkinki, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish dunyoqarashni kengaytiradi, fikrlarni rivojlantirib, yaxshi kommunikatsion maydon yaratishga yordam beradi. Ammo bu bilan o‘z kasbining eng zo‘riga aylanish qiyin. Talabaning o‘zi harakat qilishi kerak — yana, huddi abituriyentlik davridagidek.
Xulosa qilib aytganda:
Xorij amaliyotidan kelib chiqib, o‘qishga kirish jarayonini soddalashtirish va talabani bir olam testlarni shunchaki yodlab olishga majburlamaslik kerak.
Aksincha, hujjatlar qabul qilish jarayonida abituriyentning dunyoqarashi, maqsadlari va qabuldan so‘ng o‘zini qanchalik ko‘rsata olish qobiliyati tekshirilsa va universitet hamda institutlarda ta’lim sifati, o‘qituvchilar bilim darajasi kuchaytirilib, amaliyotga urg‘u berilgan “erkin” darslar tashkil etilsa — bu samarali bo‘lardi.
Axir abituriyent talaba bo‘lish orqali yangi bilimlarni egallashi kerak, o‘qishga kira olishinigina isbotlab qo‘yishi emas.
4 yillik ta’lim yakunida yaxshi kasb, mablag‘ va bilimlar bazasini bera olmasa — unga necha yillab tayyorlanish, resurslarni sarflash va aslida umuman bu haqida o‘ylab ko‘rishning o‘zi noto‘g‘ri, nazarimizda.