10:24, Avgust 4, 2025
/
981

Kosmosdagi xavf: chiroqlarni yoqib, yulduzlarni o‘chiryapmiz!

kosmos

Kosmos nima va biz uni qanday faraz qilamiz? Bizning Kosmos haqidagi tasavvurlarimiz.

Barchamiz maktab darslarida “kosmos” so‘zi bilan tanishganmiz. Har doim mazkur so‘zni eshitishimiz bilan ko‘z oldimizga qaysidir ma’noda borliq-olam keladi. Odamlar u haqida qanday fikrda ekanliklarini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan tadqiqotda 16 yoshdan 53 yoshgacha bo‘lgan dunyoning turli burchaklarida istiqomat qiluvchi insonlar ishtirok etishdi. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, 90% holatda qatnashuvchilar “kosmos” so‘zini eshitganlarida yulduzlar, gaz va tutun, qora tuynuk va cheksizlik ni ko‘z oldilariga keltiradilar. Mazkur natijalardan xulosa qilishimiz mumkinki, biz kosmosni undagi obyektlar va bizga mashhur bo‘lgan hodisalar bilan yaxshiroq taniymiz.

Kosmos aslida qanday?

Vikipediya veb-sayti ma’lumotlariga ko‘ra “kosmos” so‘zi “koinot” so‘ziga ma’nodosh bo‘lib, bepoyon borliq, cheksiz olam degan ma’nolarni anglatadi. Borliq mukammal, murakkab va tartibli tizim va aynan mazkur sabab uchun biz “kosmos” so‘zini ishlatamiz. Ma’lumotlarga qaraganda, koinotda 200 milliard va 20 trillion oralig‘idagi galaktikalar borligi taxmin qilingan. Koinot cheksiz va aynan mazkur sababga ko‘ra bizga tanish bo‘lgan ma’lumotlarni ko‘plari taxminlardan iborat.

Kosmosni kimlar o‘rganadi?

Aynan o‘sha taxminlar ham bejizga emas. Ular yillar davomida tajriba to‘plagan olimlar tomonidan aniqlanadi. Kosmosni o‘rganish uchun maxsus “kosmologiya” fani mavjud. Mazkur fan kosmosning tarixi, uning keyingi takomillashuvi va kelajagi haqida o‘rganadi.

Koinotni astronomlar va astrofiziklar o‘rganadi. Ularning farqi shundaki, astronomlar asosan astronomik obyektlar, nebula (gaz va tuman) lar, yulduz, planeta, galaktika va boshqalar ustida izlanish olib borishsa, astrofiziklar esa, koinotda kechayotgan jarayonlarning fizik ahamiyatini va ularga bog‘liq fizik qonuniyatlarni tahlil qilishadi.

Ular Kosmosni qanday o‘rganishadi?

Aynan insoniyat tomonidan kashf etilgan hozirgi zamon texnologiyalar bizning ba’zi bir nazariyalarimizni amalda tasdiqlashda yordam beradi. Teleskoplarning 2 ta mashhur turlari mavjud: yorug‘lik va radio nurlari bo‘yicha ma’lumot beruvchi teleskoplar.

Yorug‘lik bo‘yicha: mazkur turdagi teleskoplar bizga kosmosdagi obyektlarni yaqinlashtirib ko‘rishga va ularni o‘rganishga yordam beradi. Bu turdagi teleskoplar kelayotgan yorug‘lik nurlarini qabul qiladi va shu orqali bizga ma’lumot to‘plab beradi. Bu turdagi teleskoplarga misol qilib biz “Hubble”ni keltirishimiz mumkin.

Radio to‘lqinlari bo‘yicha: bu turdagi teleskoplar kelayotgan elektromagnitik to‘lqinlar, gamma to‘lqinlari va boshqalar orqali ma’lumot to‘playdi hamda turli xil tumanliklarni ko‘rishga va hattoki “Qora tuynuk”dan kelayotgan ovozlarni eshitishga yordam beradi. Misol tariqasida biz “Lovell” teleskopini keltirishimiz mumkin.

Kosmosning hayotimizga ta’siri

Hayotimizda hamma narsa bir-biriga bog‘liq va ular hayot zanjirini tashkil etadi. Dunyoyimiz shu darajada mukammalki, undagi ba’zi narsalar bo‘lmaganida hozirgi yashayotgan hayotimiz ham bo‘lmasligi mumkin. Biz shular jumlasiga kosmos ya’ni koinotni ham kiritamiz.

Mazkur nazariyalar isbotini bu borliq olamda temir va Ozon qatlamlarining vujudga kelishi bilan isbotlashimiz mumkin:

Temir. Mazkur modda hayotimiz uchun juda zarur. Uning paydo bo‘lishi “Red Giant” nomli yulduzda geliy moddasi uglerod va kislorodga aylanishi bilan bog‘liq. Bu moddalar temirga aylanishni boshlaydi va mazkur yulduz portlaydi. Shu orqali yuqorida ko‘rsatilgan moddalar butun kosmos bo‘ylab yoyiladi, biroq gravitatsiya sababli ular bir yerga to‘planib sayyoralarni hosil qiladi.

Ammo barcha temir moddasi aynan mana shu holatda paydo bo‘lmagan. Unga ikkinchi sabab bu asteroidlar. Asteroidlar boshqa asteroidlar bilan to‘qnashib ketishi natijasida kichik tosh bo‘laklarini hosil qiladi. Yer sathiga tushayotganda yonib ketmaydigan asteroidlar katta miqdorda temir ni olib tushadi.

Ozon qatlami. Taxminan 2.5 milliard yil oldin, Yerning atmosferasi azot, karbonat va biroz miqdorda kisloroddan iborat bo‘lgan. Quyoshdan kelayotgan yuqori energiyali ultira binafsha nurlar molekular kislorodni alohida kislorod atomlariga parchalaydi. Mazkur kislorodlar 𝑂 ya’ni Ozon qatlamining muhim qatlami bo‘lgan “ozon”ni tashkil qiladi.

Fan va texnologiya rivojlanuviga Kosmos ta’siri

Hayotimizning ko‘plab tarmoqlariga Kosmos va uni o‘rganish o‘z ta’sirini o‘tkazgan. Bunga biz misol qilib fazoda topilgan materiallardan tortib Kosmosni o‘rganish uchun ketgan sa’y-harakatlar xulosasi va kashfiyotlarni misol qilib keltirishimiz mumkin:

Materiallar. Asteroid va metroidlarni o‘rganish turli xil yuqori temperaturaga chidovchi materiallarning kashf qilinishiga olib keldi. Mazkur turdagi materiallar samolyot va raketalar uchun ishlatilmoqda, chunki turli xil temperatura sababli fazoda ularga katta zarar yetishi mumkin.

Tibbiyot. Hozirgi davrdagi tibbiyot va tibbiy texnologiyalar 30 yil oldingi texnologiyalardan ancha farq qiladi. Buning uchun astronomiyaning hissasi katta. Avvalroq aytganimizdek, astronomiyada ko‘plab rasmlar turli nurlar va ovozlardan paydo bo‘lgan. Aynan mazkur texnologiyalarning taraqqiyoti meditsinaga ham qo‘llaniladi va rentgen nurlari orqali odamning ichki tuzilishini o‘rganish imkoniyati yaratiladi. Bu esa saraton kabi kasalliklarini oldindan aniqlash va u kuchayishidan avval davolashga imkoniyat yaratdi.

Yerni yanada yaxshi o‘rganish. Fazodagi Yerning sun’iy yo‘ldoshlari orqali Yerni kuzatish undagi kuzatilishi mumkin bo‘lgan yoki kuzatilayotgan muammolarni yanada yaxshiroq aniqlab, ularni bartaraf qilish va oldini olish imkoniyatini yaratdi. Aniqlangan muammolarga biz misol qilib “Orol dengizi muammosi”, “Iqlim o‘zgarishi muammosi” va boshqalarni misol qilib keltirishimiz mumkin.

Aynan mazkur sabablarga ko‘ra biz Kosmos hayotimiz uchun qay darajada muhim ekanligi va usiz hayot mavjud bo‘lmasligini anglashamiz mumkin, chunki butun borliqda Yer sharining o‘zi qolib ketishi uni bo‘shliqqa olib boradi. Bundan xulosa qilib aytishimiz mumkinki, kosmosda yagona yer sharining bo‘lishi qora tuynuk ichida nima bo‘lishiga o‘xshab mavhum va javoblar faqatgina nazariyalardan iborat.

Kosmos muammolari

Insoniyatga berilgan ko‘plab in’omlar qadrlanmas ekan, ular o‘z nihoyasiga yetadi yoki qaysidir darajada zararlanadi. Xuddi shu kabi biz Kosmosni ham aytishimiz mumkin. Hozirgi kundagi qilinayotgan sa’y-harakatlar kosmosda ma’lum bir muammolarni keltirib chiqarmoqda.

  • Fazodagi chiqindilar. Birinchi muammo sifatida fazodagi chiqindilarni aytishimiz mumkin. Ikki va undan ortiq yulduzlarning bir-biriga to‘qnashuvi, muvaffaqiyatsiz uchirilgan raketalarning portlashi yoki inson qadami yetgan joylarda odamlar tomonidan qoldirilgan chiqindilar sababli fazoda “Space debris” ya’ni “Fazo ifloslanishi” muammosi kelib chiqmoqda.

Fragmentation debris – parchalanish qoldiqlari; spacecraft – kosmik kemalar; mission-related debris – ma’lum bir missiyaga oid qoldiqlari; rocket bodies – raketa qoldiqlari;

  • Yorug’lik ortishi. Keyingi muammo bu Yer yuzida yorug’likning ortishi. Dunyodagi yirik shaharlarning tunda turli rangdagi chiroqlar bilan boyitilgan yorug’ligining zararlaridan “light pollution” ya’ni “yorug‘lik ifloslanishi” nomli muammoni kelib chiqqan. Aynan, hozirda osmonda yulduzlarning ko‘rinmasligi ham ortiqcha yorug‘lantirish orqali kelib chiqqan.

Bu va bu kabi muammolar yer hamda kosmos uchun juda katta zarar keltiradi. Shu sabab ularni o‘z vaqtida bartaraf etish zarur.

Kosmosdagi chiqindilarni kamaytirish uchun biz robotlarni ishlatib, qoldirilgan ortiqcha chiqindilarni yo‘qotishimiz mumkin. Turli xil lazerlar orqali esa ortiqcha obyektlarni ehtiyotkorlik bilan boshqa joyga olib borishimiz va kosmosni ortiqcha narsalardan xalos etishimiz mumkin.

Ortiqcha yorug‘likni kamaytirish uchun esa biz energiya ishlatuviga cheklov qo‘yishimiz kerak. Ortiqcha chiroqlar va boshqa yorug‘likni orttiruvchi vositalarni kamaytirish orqali biz bu muammoni bartaraf etishimiz mumkin. Buning uchun hukumatlar va ularning qonunlari muhim o‘rin tutadi.

Xulosa

Xulosa qilib aytishimiz joizki, kosmos bu butun borliq va u cheksizdir. Chegarasiz bo‘lishiga qaramay u kengayishda davom etadi. Koinot va fazoni o‘rganish bizga Mirzo Ulug‘bekdan meros. Bu ishni davom ettirish orqali biz hayotimizdagi boshqa qirralarda ham yangiliklar qilishimiz mumkin. Qay darajada ko‘p o‘rganmaylik, bir narsani unutmasligimiz kerak: har narsani avaylashimiz darkor. Butun bir koinot bir butun mukammal tizimdir. Undagi har bir jism va obyekt uni mukammal qilib turadi. Masalan, Quyosh bizga radiatsiya nurlarini jo‘natadi, lekin undanda katta kosmik radiatsiyalardan himoya qilib turadi. Tadqiqotlar o‘tkazar ekanmiz, unga yetkazgan zararlarni to‘g‘irlashimiz, o‘zimizdan noo‘rin iz qoldirmasligimiz kerak. Shuningdek, kosmosni asrash uchun biz nafaqat koinotni, balki, yer sharini ham ehtiyot qilishimiz kerak, chunki yer ham Koinotning bir bo‘lagidir. Buning misolini “Yorug‘likning ortishi” muammosida ko‘rishimiz mumkin.

Maqola muallifi: Temur Nurimov

Fikrlar (0)
Avval yangilari