13:26, Avgust 5, 2025
/
352

Talabalar ta’limdan norozi (mi?)

Talabalar norozi

Har yili O‘zbekistonda yuz mingdan oshiq talabalar oliy o‘quv yurtlariga kiradi. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, o‘tgan yili bu statistika 186 mingga yetgan. Oliy ta’lim qamrovi kengaymoqda ammo sifat haqida bunday deyish biroz qiyin. Ta’lim biznes bozoriga aylanib qolgandek. Avlod media mavzuni yoritadi. 

“Men jurnalistika yo‘nalishida o‘qiyman. Bu sohada talabaga 70 foiz amaliyot, 30 foiz nazariya kerak deb hisoblayman. Lekin biz bilgan mantiqni universitet rahbariyati bilmaydi, yoki bilsa ham ortiqcha tashvish qilishni xohlamaydi. Chunki o‘quv dasturimiz 8 oy nazariya, 1 oy amaliyotga mo‘ljallangan. Talabalik davrida amaliy tajriba o‘rganmasak, institutni bitirib ishsizlik statistikasi ko‘payishiga xizmat qilamiz xolos” demoqda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Bunyod Boboxonov.

Bugungi bozor talabalar  “tayyor kadr” bo‘lishini talab qiladi.

Ammo OTMlar  nazariyaga suyanmoqda. Balki shuning uchun “oliy ma’lumotli ishsizlar” ko‘pdir. Masalan 2024-yil o‘quv yurtlari bitiruvchilarning 59 foizi sohasiga mos ish topa olmagan. Bu haqida o‘tgan yili Bandlik vaziri Behzod Musayev ma’lum qilgan edi. Raqamlar universitet va uni bitirayotganlar samarodorligini ko‘rsatib turibdi. Ammo hamon ta’lim muassassalarida ko‘plab darslar real ish faoliyati bilan bog‘lanmagan, amaliy topshiriqlar o‘rnini keraksiz yozma ishlar egallagan. Bu bilan bilan nazariya mutlaqo kerak emas deyishdan yiroqmiz, lekin faqatgina raqamlar va faktlarni yodlatish orqali yaxshi kadr tayyorlab bo‘lmaydi.

Talabalarga dars o‘tish metodikalari alohida mavzu.

XXI asrda yashayotgan avlodning e’tiborni 80 daqiqa bitta nuqtada jamlash shundoq ham qiyin. Ba’zi ustozlar qo‘llaydigan metodlar bilan bu umuman imkonsiz. Chunki ayrim o‘qituvchilar darsga kiradi, prezentatsiyani o‘qib beradi va chiqib ketadi. Interaktivlik yo‘q, muhokama yo‘q. Ko‘plab o‘quv dasturlari 10–15 yil oldingi metodologiya asosida. Bunda “soft skills”, raqamli savodxonlik, innovatsion fikrlash, kreativlik, tanqidiy tafakkur o‘rganilmaydi. Shuning uchun ham dasturlarni ish bozori talabiga moslashtirish va yillik yangilash kerak. Muammolarning barchasiga tizimni ayblash ham xato. Chunki talabalarning bilim olishga mas’uliyatsiz yondashishlarini ham inkor qilib bo‘lmaydi. 

So‘ngi paytlar ta’lim tizimida shaffoflik paydo bo‘lgan. Ammo korrupsiya butkul yo‘qolmagan. Masalan O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda ta’lim sohasida 290 dan ortiq korrupsion holat aniqlangan. Ularning katta qismi OTMlar bilan bog‘liq. Bu nafaqat ta’lim sifatiga, balki talabalar orasidagi tenglik prinsipiga ham katta zarar yetkazadi.

Oliy ta’limdagi sifat muammolari bu faqat bir nechta universitet yoki bir necha o‘qituvchining aybi emas. Bu tizimli muammo. Talabalar esa bu tizimning eng ko‘p zarar ko‘rayotgan qurbonlari bo‘lib qolmoqda.  

Fikrlar (0)
Avval yangilari