Xitoy britaniyadagi talabalar orqali akademik erkinlikka bosim o‘tkazyapti (mi?)

So‘nggi yillarda xalqaro miqyosda Xitoyning ta’siri tobora kengayib bormoqda. Biroq, bu kengayish nafaqat iqtisodiy yoki texnologik sohalarda, balki ta’lim va akademik erkinlik hududlarida ham sezilmoqda. Yaqinda e’lon qilingan «Buyuk Britaniya – Xitoy shaffoflik tahliliy markazi»(UKCT) hisobotida Xitoy hukumati Britaniyadagi universitetlarda tahsil olayotgan o‘z talabalarini sinfdoshlariga nisbatan kuzatuv va xabar berishga majburlayotgani haqida ogohlantirildi. Bu holat xalqaro ta’lim muassasalarida so‘z erkinligi, ilmiy izlanish erkinligi va talabalar xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘dirayotgani aytilgan.
Hisobotda nimalar aytib o‘tildi:
Buyuk Britaniya – Xitoy shaffoflik tahliliy markazi tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari Xitoy hukumatining Britaniyadagi ta’siri ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Unda qayd etilishicha:
- Ayrim xitoylik talabalar britaniyalik professorlarga ularni sinfdoshlarini kuzatish va “hisobot” tayyorlashga undalayotganini aytishgan.
- Ba’zi professorlar Xitoyga oid nozik mavzularni (masalan, Xinjiangdagi etnik tozalash, Covid-19 pandemiyasining kelib chiqishi, Xitoy texnologiyasi) muhokama qilganidan so‘ng bosim yoki tahdidga uchragan.
- Ba’zilarning Xitoydagi oila a’zolari esa qo‘rqitilib yoki so‘roqqa tutilgan.
Bu kabi holatlar ilmiy erkinlikning asosiy tamoyillariga zid bo‘lib, talabalar va akademiklar uchun qo‘rquv va o‘zini senzura qilish muhitini vujudga keltirmoqda.
Mavzuning esa “ammo “ qismi bor ya’ni Universitetlar moliyaviy bosimda
Afsuski, ba’zi Britaniya universitetlari bu tahdidlar haqida ochiq gapirishga jur’at etmayapti, chunki ular xitoylik talabalar to‘lovlaridan tushadigan katta mablag‘ga moliyaviy jihatdan bog‘liq. Bu esa universitetlarni “ikki olov orasida” qoldirmoqda: bir tomonda moliyaviy barqarorlik, boshqa tomonda esa ilmiy erkinlik va talabalar xavfsizligi.
Hisobotda nafaqat xitoylik, balki boshqa millatlardan bo‘lgan talabalar ham Xitoy bilan bog‘liq mavzularda ochiq fikr bildirishdan tiyilayotganliklarini aytishgan. Ba’zilari bu mavzular bo‘yicha tadqiqot olib borish fikridan butunlay voz kechgan.
Bu holat Britaniyaning “erkin akademik muhit” tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydi va kelajakda ilmiy tadqiqotlarning sifati va xilma-xilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Britaniya hukumati esa yaqinda akademik erkinlikni mustahkamlovchi yangi qonunni kuchga kiritdi. U orqali esa:
- Universitetlar so‘z erkinligini faol targ‘ib qilishi shart bo‘ladi.
- “Office for Students”universitetlarda erkinlikka tahdid soluvchi har qanday tashqi ta’sirga qarshi qat’iy choralar ko‘rishi mumkin.
- Universitetlar xorijiy davlatlar bilan tuzilgan shubhali bitimlarni ko‘rib chiqishlari va zarurat tug‘ilsa, bekor qilishlari talab etiladi.
- Maxsus shikoyat tizimi joriy qilinmoqda, bu orqali o‘qituvchilar va talabalar bevosita rasmiy organlarga murojaat qila olishadi.
Bu o‘zgarishlar Xitoyning nojo‘ya ta’sirini kamaytirishga xizmat qilishi mumkin, ammo moliyaviy qaramlik va real tahdidlar borligicha qolavermoqda.
Bu vaziyatni esa Xitoy hukumati inkor etgan.
Xitoyning Londondagi elchixonasi hisobotni «asossiz va bema’ni» deb atagan hamda Xitoy hech qachon boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmasligini ta’kidlagan. Ular, aksincha, Britaniyadagi so‘z erkinligiga hurmat bilan qarashlarini bildirgan.
Ammo bu bayonotlar Xitoyda so‘z erkinligining amaldagi holatiga va avvalgi tajribalarga qaraganda, shubha ostida qolmoqda.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak Buyuk Britaniya oliygohlarida so‘z erkinligi muhofazasi – hozirgacha eng muhim kurash bo’lib qolmoqda
Global miqyosda ta’lim erkinligi — nafaqat individual rivojlanish, balki jamiyatlar ochiqligi va demokratiya taraqqiyoti uchun ham muhimdir. Xitoy hukumati tomonidan xorijdagi talabalar orqali olib borilayotgan nazorat siyosati bu qadriyatlarni jiddiy xavf ostiga qo‘ymoqda.
Demak Britaniya hukumati va universitetlar oldida ikki asosiy vazifa turibdi:
- Talabalar va professorlarni himoya qilish
- Erkin ilmiy muhitni saqlab qolish
Ta’lim moliyaviy manfaatlar evaziga qurbon qilinmasligi kerak. Erkinlik, ishonch va ilmiy halollik — bugungi avlod uchun haqiqiy ta’lim tizimining asosi bo‘lib qolishi zarur.