Oliy ta’limni bitirganlar to‘liq ish bilan ta’minlanadi (mi?)

8 – avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliygohlar bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bordir. Unda oxirgi 7 yilda oliy ta’limda qabul 4,5 barobar oshib, qamrov 42 foizga yetgan bo‘lsada, kadrlar tayyorlash tizimi real ehtiyojga mos emasligi qayd etildi.
Yiliga 20 ming avtomobil chiqarayotgan “BYD” zavodida 100 ta bo‘sh ish o‘rni bor.
Shuning to‘rtdan biri – robototexnika va bo‘yoqlash, robotlarni dasturlash muhandislariga to‘g‘ri keladi. Zavodda kadr yetishmayotgani uchun xorijdan 80 nafar mutaxassis kelib ishlamoqda. Zavod 4-5 yilda to‘liq quvvatga o‘tib, yiliga 500 ming avtomobil chiqarishni boshlasa, 4 ming nafar oliy malakali kadrlar kerak bo‘ladi. Ammo o‘sha ish o‘rinlarini egallashga loyiq kadr tayyorlayabmizmi degan savol tug‘uladi. Afsuski oliygohlar tayyorlayotgan kadrlar bilan ish beruvchilarning talabi o‘rtasida farq katta.
“Biz bu yil universitetni tamomladik. Bitta guruhda 71 kishi o‘qigan bo‘lsak, shundan 20 tasi o‘z yo‘nalishida ish topa oldi xolos. Qolgan 50 kishi ishsiz, yoki sohasiga mos bo‘lmagan faoliyat turida. Achinarlisi o‘qish davrida o‘rgatilgan narsalar ish faoliyatiga mos kelishi juda qiyin. Nazariya va eskicha metodikalar juda ko‘p. Qabul soni katta ammo universitetda texnik baza yetishmaydi. Ayrim o‘qituvchilarning o‘zi amaliyotga muhtoj. Juda ko‘p tanishlarim sohasida chuqurroq bilim o‘ganish uchun pul to‘lab qo‘shimcha kurslarga boradi. Chunki universitet o‘rgatadigani yetarli emas. Shunga qaramay har yili kontrakt summasini qurtday sanab beramiz” , – deyabdi O‘zbekiston Milliy universiteti bitiruvchisi Zebo Toshnazarova.
Yengil sanoatning o‘zida 4 ming nafar oliy toifali kadrlarga ehtiyoj bor.
Bu yo‘nalishda yiliga o‘rtacha 2,5 ming talaba bitirgani bilan, ular korxonalardagi zamonaviy uskunalarda ishlashni bilmagani uchun 42 foizi ishga joylasha olmayapti. Oqibatda tadbirkorlar chetdan tayyor mutaxassis jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.
Bu yilgi 231 ming oliygoh bitiruvchisidan 125 mingi ish topdi, deb hisobot berilayotganiga qaramay, ishli bo‘lganlarning 42 ming nafari o‘zini o‘zi band qilgani aniqlangan. Bu nima degani? Juda ko‘p talabalar diplomini qo‘lga olish uchun hujjatda o‘zini band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatadi. Ammo reallikda bunday bo‘lmaydi. Shu sabab bitiruvchilarni ishga joylashtirishda o‘zini o‘zi band qilganlik inobatga olinmasligi belgilandi.
Albatta ish topish va joylashish talabaning o‘ziga ham bog‘liq. Ammo Oliy ta’lim tizimida ko‘plab mantiqsizliklar borligini ham tan olish kerak. Ish o‘rinlari doim ham yetarli emas, o‘rgatiladigan bilimlarni esa amallab ish topsangiz ham qo‘llay olmaysiz. Shuning uchun ham tizimda to‘ldirilishi kerak bo‘lgan bo‘shliqlar juda ko‘p. Ammo qachon to‘lishi noma’lum.