10:09, Oktabr 27, 2025
/
527

Nega shartnomani buzganlik uchun kompensatsiya to‘lanmaydi?

Talabalar ijara shartnomasi to‘liq yuridik asoslarga egami?

2019-yildan boshlab mamlakatimizda “Talabalar turar-joylari yetishmasligi” muammosi davlat darajasidagi masalaga aylandi. 2021-yil 24-sentyabrdan boshlab esa “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan toʻlanadigan ijara toʻlovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori kuchga kirdi. Shu yildan e’tiboran, mana 4 yildan oshdiki, uy egasi bilan soliq organlarida shartnoma tuzgan talabalarning katta foiziga ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab berilmoqda.

Ushbu ikki taraflama shartnoma tizimga joriy etilgandan boshlab to bugungi kungacha deyarli hamma uni onlayn formatda “Soliq uz” mobil ilovasi orqali rasmiylashtirmoqda. Chunki ushbu usul haqiqatan juda qulay, tez ishlaydi va ishingiz oson bitadi. Lekin… huquqiy talablarga to‘liq javob beradimi?

Qonunchilikka ko‘ra, jismoniy shaxslar o‘rtasida tuzilgan shartnomada ikki tarafning huquq va majburiyatlar to‘liq aks ettirilishi shart. Talabalarning o‘zi ham, ularni ijaraga qo‘yayotgan uy egalarining 99 foizi ham aynan jismoniy shaxslar. Biroq ijara shartnoma tuzilayotganda uy egalari uchun ham, talabalar uchun ham majburiyatga oid bandlar ko‘rsatilmaydi. Eng yomoni mulkdor o‘rtadagi shartnomani ogohlantirishsiz bemalol bekor qilishi mumkin.

Endi o‘ta qiziq joyiga keldik. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksiga binoan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi. Agar bekor qilish ijaraga oluvchining aybi (uy-joydan vazifasiga binoan foydalanmaslik, qo‘shnilarning huquqlarini buzish va boshqa qoidabuzarliklar) bilan yuzaga kelsa, u holda dastlab ogohlantirish berilishi zarur. Vaziyat o‘zgarmagandan so‘nggina shartnomani sud tartibida bekor qilishga haqli. Demak, hozirgi holatda shunchaki bekor qilinayotgan shartnomalar qonunchilikka mutlaqo zid.

Hammada tabiiy savol tug‘iladi: nega unda shartnomaga shartlar kiritilmaydi? Nima uchun uni shunchaki buzishdan oldin ogohlantirish berilmaydi, mulkdor nega noqonuniy xatti-harakati uchun kompensatsiya to‘lamaydi? Bu shunchalik xom o‘ylangan strategiyami?

Bunga birgina javob topdik: insonlar manfaati har qanday qonundan ustunroq. Ijtimoiy manfaatlar qonunlarga sig‘maydigan holatlar bo‘ladi, talabalar ijara shartnomasi ham ayni shu masalalardan biri. Masalani tahlil qilar ekanmiz, ushbu tizim faqatgina talabalarning manfaati uchun yo‘lga qo‘yilganiga amin bo‘ldik. Chunki bundan davlatga hech qanday foyda yo‘q: mulkdorlar soliqdan ozod etilgan, ijarachi-talabalarga milliardlab summa to‘lab berilyapti. Lekin sistema barqaror ishlayapti. Agar bu shartnoma to‘liq yuridik asosga ega qilib tuzilsa, soliqdan ozod etilgan taqdirda ham ijaraga beruvchi talaba bilan shartnoma tuzmaydi! Chunki unda bo‘yniga mas’uliyat yuklanadi, zimmasiga javobgarlik tushadi. Ortiqcha ovvoragarchilik esa hech kimga kerak emas.

Ijara shartnomasi qilinmagandan keyin nima bo‘ladi? Yana talabaga og‘irlik tushadi, yana talaba qiynaladi. Shu sabab hukumatimiz mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltirmasa ham, qaysidir ma’noda yuridik masalalar qonunlarda belgilangan tartibda ishlamasa ham, O‘zbekistonning eng katta umidi, ishonchli armiyasi bo‘lgan talabalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Va ushbu tashabbus bunday qo‘llovlardan biz bilgan bittasigina xolos.

Yaxshiyam shu yurtda tug‘ilganmiz, yaxshiyam shu yurtda tahsil olyapmiz!

Fikrlar (2)
Avval yangilari