07:39, Aprel 29, 2026
/
307

Ma’lumoti oliy ishsizlar. O‘qishni bitirsam ish bormi?

Bugun bitiruvchi yoshlarning eng katta muammosi ham shu. Hozir ko‘pchilik o‘qishga kiradi, 4 yil o‘qiydi, diplom oladi. Ota-onalar ham katta umid bilan farzandini o‘qitadi. Lekin o‘qishni tugatgandan keyin ham ish topish oson kechmaydi.

Har yili juda ko‘p talaba universitetni bitiradi. Ammo ish o‘rinlari hamma uchun yetarli emas. Natijada ko‘p yoshlar diplom bilan uyda o‘tirib qolyapti yoki mutaxassisligiga umuman aloqasi yo‘q ishda ishlashga majbur.

Buning sababi nima? Nega o‘zi shunday? “Avlod Media” bugungi kunda nima uchun yangi kadrlar diplom olgandan keyin ham ishsiz ekani, ishsizlikka asosiy sabablar, mehnat bozorida qaysi sohalarda kadrlarga talab yuqoriligiga to‘xtaladi.

O‘zbekiston oxirgi 10 yilda o‘qish imkoniyatlarini juda ko‘paytirdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, oldin 69 ta universitet bor edi, hozir esa 220 dan oshdi. Talabalar soni ham keskin ortdi: oldin, aniqrog‘i  2015-yilda ular 260 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2025-yilda bu son 1,43 milliondan oshdi. Bu yaxshi, chunki ko‘proq yoshlar oliy ma’lumotga ega bo‘la oladi. Lekin shu bilan birga muammo yo‘q emas. Ya’ni, kim nima o‘qiyapti va qayerda ish bor — bu ikkisi ko‘pincha bir-biriga mos kelmaydi.

Har yili taxminan 700 ming yosh ish izlash yoshiga kiradi. Lekin yangi ish o‘rinlari faqat 300 mingta atrofida yaratiladi. Demak, hammaga ish yetmaydi. Shuning uchun ko‘p bitiruvchilar ish topolmayapti yoki o‘z yo‘nalishidan boshqa ishda ishlayapti. Ba’zi yo‘nalishlarda o‘qiyotganlar juda ko‘p, lekin o‘sha sohada ish kam. Har yili ko‘plab bitiruvchilar tobora raqobat kuchayib borayotgan mehnat bozoriga kiryapti.

O‘zbekistonda yoshlar ko‘p tanlaydigan yo‘nalishlar bor. Eng ko‘p talaba moliya sohasida o‘qiydi — 214 mingdan ortiq. Undan keyin ta’lim yo‘nalishi keladi, bu yerda 150 mingdan ko‘proq talaba bor. Uchinchi o‘rinda esa lingvistika, ya’ni tillar yo‘nalishi turadi — taxminan 64 ming talaba.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash, IT, fan va huquq yo‘nalishlariga ham qiziqish katta. Bu shuni ko‘rsatadiki, ko‘p yoshlar hali ham “obro‘li” va barqaror ish beradi deb o‘ylangan sohalarni tanlayapti. Masalan, moliya — chunki bankda, buxgalteriyada yoki turli tashkilotlarda ishlash mumkin. Ta’lim yo‘nalishi esa o‘qituvchilarga doim ehtiyoj borligi uchun ommabop. Huquq va tibbiyot ham ko‘pchilik nazarida hurmatli kasblar hisoblanadi, shuning uchun bu yo‘nalishlar ham doim talabda.

Lekin bir yo‘nalish mashhur bo‘lishi, u yerda ish topish oson degani emas. Aksincha, eng ko‘p tanlanadigan yo‘nalishlarning ayrimlarida ish topish darajasi past.

Yoshlar ishlari agentligi tadqiqotlariga ko‘ra, universitetlarda eng mashhur 20 ta yo‘nalishni bitirganlarning faqat 27 foizi o‘z sohasi bo‘yicha rasmiy ish topgan. Bu juda past ko‘rsatkich. Taqqoslash uchun, Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkilotiga a’zo 38 ta davlatda bu ko‘rsatkich odatda 84–90 foiz atrofida. Bu nimani anglatadi?

Ko‘plab talabalar qaysi yo‘nalishda ish bor, qayerda imkoniyat ko‘p — shuni to‘liq o‘ylamasdan tanlov qilyapti. Natijada esa bitirgandan keyin ish topishda qiynaladi, chunki ayrim sohalarda mutaxassislar juda ko‘p, ish esa kam.

Moliya sohasi hozir eng ko‘p yoshlar ishlayotgan yo‘nalish bo‘lib, bu yerda qariyb 63 ming nafar yosh band. Undan keyin ta’lim sohasi turadi — bu yerda 46 mingdan ortiq yosh ishlaydi. Lingvistika va fan yo‘nalishlarida ham yoshlar ishlayapti, lekin soni biroz kamroq.

Lekin huquq va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘qiyotganlar bilan ishlayotganlar soni o‘rtasida katta farq bor. Masalan, huquq yo‘nalishida taxminan 22 ming talaba o‘qiydi, lekin bu sohada rasmiy ishlayotgan yoshlar atigi 4,3 ming atrofida. Sog‘liqni saqlashda bu farq yanada katta: 31 mingdan ortiq talaba o‘qiydi, ammo rasmiy ishlayotganlar soni atigi 2,5 mingcha.

Buning bir nechta sababi bor. Sog‘liqni saqlashda o‘qish uzoq davom etadi. Talabalar o‘qishni tugatgach ham amaliyot, rezidentura va imtihonlardan o‘tadi. Shu sababli ko‘pchilik hali ishlash bosqichiga yetmagan bo‘ladi va ular statistikada ko‘rinmaydi. Yana ba’zilar xususiy klinikalarda, norasmiy ishlarda yoki chet elda ishlaydi. Shuning uchun rasmiy raqamlar hammasini ko‘rsatmaydi. Xalqaro mehnat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda norasmiy ishlar hali ham ko‘p, ayniqsa sog‘liqni saqlash va xizmat ko‘rsatish sohalarida. 

Huquq sohasida esa boshqa muammo bor. Universitetlar bu yo‘nalishni ko‘paytirgan. Bu soha laboratoriya yoki qimmat jihozlar talab qilmaydi. Lekin ish o‘rinlari unchalik ko‘p emas. Asosan davlat idoralari, sudlar, davlat korxonalari va kam sonli xususiy kompaniyalarda ish bor. Shu sababli ko‘plab huquq bitiruvchilari keyinchalik boshqa sohalarda — masalan, ma’muriyat, komplayens, bank yoki biznes konsaltingda ishlashga o‘tib ketadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti mustaqil izlanuvchisi, yurist Sanjar Shomurodov “Avlod Media”ga bu borada o‘z fikrlarini gapirib berdi.

Uning urg‘ulashicha, huquqshunoslar uchun mehnat bozori O‘zbekiston salohiyatiga nisbatan kutilmalardan past darajada. Huquqshunos o‘z gaplarini statistika bilan bilan bog‘ladi. 2025-yil boshidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har 6154 nafar aholiga bitta advokat (jami 6175 nafar rasmiy litsenziyaga ega advokatlar ro‘yxatga olingan) to‘g‘ri keladi, holbuki Turkiyada bu ko‘rsatkich 672, Ozarbayjonda esa 667 kishini tashkil etadi. Hududlar kesimida esa advokatlarning asosiy qismi poytaxtda jamlangani, viloyatlarda esa ularning yetishmasligi yaqqol ko‘zga tashlanadi.

“Umuman, bitiruvchilar soni ham, ularni ish bilan ta’minlanish darajasi ham qoniqarli emas va bu muammo faqat huquq yo‘nalishiga emas, balki boshqa sohalarga ham xos”, — tushuntirdi u.

Bundan tashqari, jamiyatda huquqiy xizmatlardan foydalanish madaniyatining yetarli darajada shakllanmagani xususiy yuridik bozor rivojini sekinlashtirgan.

Huquq yo‘nalishini bitirganlarning bank, biznes, davlat boshqaruvi yoki HR va komplayens kabi sohalarda ishlashi salbiy holat emas. Aksincha, ular huquqiy bilimlarini amaliy faoliyatda qo‘llab, o‘zlariga muhim raqobat ustunligini yaratmoqda.

Shu bilan birga, asosiy muammo bozorning torligida emas, balki unga kirish shartlarining murakkabligidadir. Galdagi suhbatdoshimiz oliy ta’lim boְ‘yicha ekspert, yurist va mustaqil tadqiqotchi Dilnoza Xudaybergenova ham yo‘llagan ayrim savollarimizga javob berdi.

U bugungi kunda ish topolmaslik — o‘qishni tugatgandan keyin “nima ish qilsam ekan?” degan fikr barcha talabalarning asosiy muammolaridan biri ekanini aytar ekan, bunga sabab sifatida korxona va tashkilotlarda qo‘yiladigan turli ortiqcha talab va me’yorlarni bosh omil qilib ko‘rsatdi. U ta’lim sifatining tushib ketayotganiga va bitkazuvchilarning ish topolmayotganiga turli xil oliy ta’lim muassasalari ko‘payayotgani va o‘qishga kirish, bitkazish haddan ziyod oson bo‘lib qolganini bildirdi.  

“Bugungi kunda xususiy oliygohlar ham juda ko‘payib ketdi. Nomigagina imtihon topshirib, talaba bo‘lish juda oson bo‘lib qoldi. Shu sababli, talabalarda shunday fikr uyg‘ongan: “Qandaydir qilib o‘qishga kirib olsam, bir amallab bitirsam, ota-onam yoki tanish-bilishlarim orqali ishga joylashsam, keyin hammasi oson bo‘ladi, bemalol ishlab yuraman. Yoki falonchi tog‘am bor, bitta gap bilan ishga joylab qo‘yadi”, degan qarashlar ham yo‘q emas. Bu esa shuni anglatadiki, ko‘pchilik bilim olishga yetarlicha intilmayapti va o‘z ustida ishlashga harakat qilmayapti”, — deydi mutaxassis.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov esa o‘z sahifasida oliy ta’lim olish uchun “kirish oson, lekin chiqish qiyin” tizim bo‘lishi tarafdori ekanini yozadi.

“Oliy ta’lim juda qimmat mahsulot. U nafaqat mablag‘, balki kuchli ishtiyoq va mehnat talab qiladi.  Diplom — darajaning belgisi bo‘lishi kerak, ko‘zbo‘yamachilik quroli emas”, — deydi Qodirov.

Davlat tashkilotlari asosiy ish beruvchi bo‘lib qolayotgan bir paytda, hatto boshlang‘ich lavozimlar uchun ham 1-3 yillik tajriba talabi qo‘yilmoqda. Ammo yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasini 2026–2027-yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan boshlab yoshlarni davlat xizmatiga ishga olish tartibi o‘zgaradi va hamma joyda bir xil qoidalar qo‘llaniladi. Suhbat bosqichida beriladigan savollar (yoki topshiriqlar) davlat organining rasmiy saytida kamida 1 oy oldin e’lon qilinadi. Agar savollar 1 oy oldin chiqmagan bo‘lsa, ularni nomzodlarga berish taqiqlanadi.

Shuningdek, qaysi lavozimlar uchun ichki tanlov o‘tkazilmasligi aniq belgilanadi. Ba’zi lavozimlarda umuman ish staji talab qilinmaydi. Yana ayrim lavozimlar uchun esa eng ko‘pi bilan 2 yil ish staji so‘raladi. Bundan tashqari, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan va zamonaviy kasblar ro‘yxati (reestr) tuziladi.

Universitetlarda yoki boshqa joylarda o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalari ko‘pincha formallik bilan cheklanib, real bandlikni ta’minlay olmayapti. Biz bilan muloqotda bo‘lgan yana bir suhbatdosh, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti Munira Qo‘ziboyeva bunday yarmarkalar shunchaki ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emasligini ta’kidladi.

“Universitetlarda o‘tkaziladigan mehnat yarmarkalari shunchaki tadbirbozlik. Bunday yarmarkalar ko‘zbo‘yamachilikdan boshqa narsa emas. Undan ko‘ra, talabalarni ko‘proq real mehnat bozorida toblantirgan yaxshi. Lekin bir narsani qo‘shimcha qilish kerak. Ayrim talabalar tahsil olayotgan yo‘nalishiga umuman qiziqmaydi. Abituriyentlar o‘qishga topshirayotganda faqat qiziqishlari bo‘yicha yo‘nalish tanlashi, o‘qituvchilar va ota-onalar ularni to‘g‘ri yo‘naltirishi kerak”, — deydi talaba qiz.

Moliya va ta’lim sohalari O‘zbekistonda hozir eng muvozanatli yo‘nalishlar hisoblanadi. Ya’ni bu sohalarda ham talabalar soni ko‘p, ham ish topayotgan yoshlar soni yuqori. Bu esa bu yo‘nalishlar nisbatan barqaror karyera berishini ko‘rsatadi.

Biz yuqorida keltirgan raqamlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘plab yoshlar ish o‘rni kam bo‘lgan yo‘nalishlarni tanlayapti. Bu ularning barchasi ishsiz qoladi degani emas. Lekin ko‘pchiligi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha emas, boshqa sohalarda ishlashiga to‘g‘ri keladi. Ba’zilar norasmiy ishlarda ishlaydi, ayrimlari xorijga ketadi yoki pastroq maoshli ishlarni tanlaydi.

Shuning uchun bu muammo faqat ta’lim bilan bog‘liq emas, balki iqtisodiyotga ham ta’sir qiladi. Agar universitetlar ish o‘rni kam bo‘lgan yo‘nalishlarda ko‘p bitiruvchi chiqarishda davom etsa, lekin ish beruvchilar texnik, kasbiy va STEM yo‘nalishlarida xodim topa olmasa, muammo yanada kuchayadi. Bu esa yashirin ishsizlikning oshishiga, mehnat migratsiyasining ko‘payishiga va oliy ma’lumotli yoshlar orasida norozilik paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston ta’lim imkoniyatlarini kengaytirishda allaqachon muhim qadamlar qo‘ydi. Endi esa asosiy vazifa — ta’limni mehnat bozori talabi bilan moslashtirish. Buning uchun talabalarni karyeraga yo‘naltirishni kuchaytirish, qaysi kasblarga talab borligini oldindan aniqlash va texnik hamda amaliy yo‘nalishlarga ko‘proq e’tibor qaratish zarur. Shunda universitet diplomi nafaqat ta’lim belgisi, balki haqiqiy ish topishga yordam beradigan vosita bo‘ladi.

Asadbek Komilov

Fikrlar (0)
Avval yangilari