14:45, Iyul 2, 2025
/
252

Kontrakt sabab bo’g’ilayotgan orzular!

“Oʻqimasang odam boʻlmaysan!” Aslida keng ma’noda aytilgan bu gapni faqat universtitet-u institutlarda oʻqishga yoʻyadiganlar koʻp boʻlgan jamiyatmiz. “Talabalik maqomiga erishish inson hayotiga juda jiddiy ta’sir koʻrsatadi” deb hisoblaydiganlar ham talaygina.

Shu sabab shunday davrlar boʻldiki, “telefonda turib berish”, imtihonlardagi “rektor guruhi”, birovning oʻrniga test yechib beradigan “snayperlar” ommalashdi. Nima qilib boʻlsa ham oliygohga kirib olishga intilish kuchaydi. Turli noqonuniy va nohalol yoʻllar bilan talaba boʻlishni eplaganlar esa allaqachon bilim yurtini bitirib, turli sohalarni egallashdi. Hatto rahbarlik lavozimlarida ham ular boʻlishi mumkin. Ehtimol jamiyatimizdagi katta-kichik ijtimoiy va maishiy muammolar uzluksiz davom etishi shundandir. Ammo xozir ular haqida emas, kontrakt toʻlovi sabab boʻgʻilayotgan orzular haqida gaplashamiz!

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024–2025 o‘quv yilida bakalavriat bosqichi uchun o‘rtacha to‘lov-kontrakt narxi 12 milliondan 28 million so‘mgacha bo‘ldi. Magistratura bosqichida esa bu ko‘rsatkich 30 million so‘mdan oshdi.

Oʻzbekistondagi talabalar soni qariyb 1 mln 400 ming. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra: talabalarning 65 foizi toʻlov-shartnoma asosida o‘qiydi.

Markaziy bankning hisobotiga tayanadigan boʻlsak Oʻzbekiston aholisining qarz yuki, ya’ni oylik daromadiga nisbatan kredit miqdori oʻrtacha 34 foizni tashkil etadi.

Mamalakatimizdagi oʻrtacha oylik miqdori esa 4.9 mln. Bu statistikadagi koʻrsatgich. Real hayotda esa, ayniqsa chekka hududlarda raqamlar yana qisqarishi mumkin.  Bundan kelib chiqadiki talabalarning kamida yarmining kontrakt to‘lovini ota-onasi kredit yoki qarz asosida to‘laydi.

Bu nimani anglatadi? Oliy ta’limga ega bo‘lish – iqtisodiy kurashning markazida turgan holatga aylangan.

Albatta yechimlar ham taklif qilingan. Misol uchun imtiyozli ta’lim kreditlari. Ammo oʻrinli savol bor. Bank krediti yechimmi yoki yangi muammo?

So‘nggi yillarda talabalar uchun kontrakt asosida foizsiz yoki past foizli ta’lim kreditlari joriy etildi. Biroq bu tizim ham xozircha ideal emas. Banklar hujjatni o‘z vaqtida rasmiylashtirmaydi, talabalar esa kechikkan to‘lov uchun universitetdan chetlatilish xavfi ostida qoladi.

Ko‘plab banklar kafil talab qiladi. Qishloqdan kelgan, ota-onasining rasmiy ish joyi yo‘q bo‘lgan talaba uchun bu imkon – deyarli imkonsizlikka aylanadi.

Bank tizimini ham tushunish mumkin. Har bir talaba uchun ular xavfsizlik kafolati izlashadi. Chunki ular hali ish bilan ta’minlanmagan.

Bu tizimning paradoksal holatini ochib beradi: oilaviy darajada moddiy imkoniyati boʻlmagan, ishga joylashmagan talaba o‘qishni tugatishi uchun kredit olmoqchi, lekin kredit olish uchun unga kafil kerak va kafilning doimiy ishi boʻlishi shart. Ota-onasi aynan doimiy ishga ega boʻlmagani uchun kredit olishga majbur boʻlgan talaba endi nima qiladi? “Qarindoshlar yoki tanish-bilishlar-chi” deyishingiz mumkin! Ammo kunda-kun ora yaqin qarindoshlar bir-birini “kiydirib ketishi” odatiy xolga aylangan 21-asrimizda kimnidir ishonchiga kirib, kafil boʻlishga rozi qilish ham bir san’at darajasiga yetdi deyish mumkin!

Kontrakt to‘lay olmaganlar universitetdan chetlashtirilishi aniq! Xoʻsh, ularning soni aniqmi?

Rasmiy statistikada bu ochiqlanmasa-da, norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili yuzlab talabalar shartnoma to‘lovini bajara olmaganligi sababli o‘qishni tark etishga majbur bo‘ladi.

Ota-onalarning og‘ir yuk ostidagi hayoti

Bir nafar kontrakt asosida o‘qiyotgan talabaning o‘rtacha yillik xarajati:

• Kontrakt: 20 mln so‘m

 • Ijara: 10 oy – 80$ dan – 10.4 mln so‘m

• Mavsumiy kiyim-kechak: 7-15mln soʻm

Bundan tashqari transport va kundalik xarajatlar, kursdoshlar bilan oʻtirishlar, turli yigʻdi-yigʻdilar ham bor.

Jami: 60-70 million so‘m. Bu tahminiy va oʻrtacha hisob-kitob. Bundan sezilarli darajada koʻp yoki kam ishlatilishi ham mumkin. Ammo biz hisoblagan raqmalar Respublikadagi aksariyat oilalarning bir yillik daromadiga teng.

Alternativlar qanday bo‘lishi kerak?

 1. Davlat granti tizimini ko‘paytirish va ochiqligini oshirish. Viloyatdagi iqtidorli, ammo imkoni cheklangan yoshlarga alohida kvotalar.

 2. Kontrakt to‘lovlarini tabaqalashtirish. Ota-onasining daromadiga qarab ijtimoiy ko‘rsatkich asosida chegirmalar.

 3. Ta’lim krediti tizimini soddalashtirish. Kafilsiz, onlayn ruxsatnomali, garovsiz tizim.

 4. Yoshlar uchun davlat subsidiyali yotoqxonalar sonini oshirish. Uy-joy va transport xarajatlarini kamaytirish orqali iqtisodiy bosimni yengillashtirish.

Ta’lim — bu favqulodda orzu emas, insoniy huquq. Ammo kontrakt narxlari bu huquqni bozor mahsulotiga aylantirib qo‘ymoqda. Har yili yuzlab yoshlar o‘z orzularini “qarz” deb hisoblashni boshlaydi. Tizim o‘zgarishi shart. Aks holda, orzular faqat pulga ega bo‘lganlar uchun qoladi, iste’dod esa sinib ketishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari