Ba’zi oliygohlar bitiruvchilarining o‘rtacha ish haqi 3 million so‘mga ham yetmaydi

26-avgust kuni Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan “Bitiruvchi sifati indeksi natijalari”ga bag‘ishlangan Matbuot anjumani o‘tkaziladi. Unda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandlik va daromad ko‘rsatkichlarini o‘zida jamlagan yangi “Bitiruvchilar sifati indeksi” (BSI) platformasi taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yilning iyulidan 2026-yilning iyun oyigacha bo‘lgan holatga ko‘ra, respublika miqyosida OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 mln so‘mni tashkil etmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, ta’lim yo‘nalishlari kesimida eng yuqori o‘rtacha daromad kutilmaganda ijod va sport sohalari bitiruvchilari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan sohalardagi o‘rtacha oylik maoshlar quyidagicha taqsimlangan:
➖Ijod (sport) yo‘nalishlari – 6,33 mln so‘m;
➖Amaliy fanlar – 5,5 mln so‘m;
➖Ijtimoiy-gumanitar fanlar – 4,61 mln so‘m;
➖Tibbiyot fanlari – 4,43 mln so‘m.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, indeksni hisoblashda bitiruvchining rasmiy qayd etilgan daromadi u istiqomat qilayotgan hududdagi o‘rtacha ish haqi ko‘rsatkichlari bilan solishtirilgan holda obyektiv shakllantiriladi.
Tahlillar natijasiga ko‘ra, ro‘yxatda yetakchilikni VGIKning Toshkent filiali band etdi
Mazkur dargohni tamomlaganlarning o‘rtacha oyligi 23,4 mln so‘mni tashkil etmoqda. Kuchli o‘nlikdan, asosan, xalqaro universitetlar hamda iqtisodiyot va huquq sohasidagi yetakchi milliy oliygohlar joy olgan:
1. “S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti” filiali (Toshkent) – 23,4 mln so‘m;
2. Toshkent shahridagi Inha universiteti – 12,6 mln so‘m;
3. Toshkent xalqaro Vestminster universiteti – 12,5 mln so‘m;
4. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti – 10,6 mln so‘m;
5. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 10,3 mln so‘m;
6. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – 9,4 mln so‘m;
7. Toshkentdagi Singapur Menejmentni Rivojlantirish instituti – 9,3 mln so‘m;
8. G.V. Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali – 9,0 mln so‘m;
9. Toshkent davlat yuridik universiteti – 8,4 mln so‘m;
10. Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti – 8,1 mln so‘m.
Shuningdek, BSI platformasidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizdagi ayrim hududiy pedagogika, agrotexnologiya va veterinariya yo‘nalishidagi OTM bitiruvchilarining rasmiy daromadi eng quyi pog‘onalarni egallagan.
Eng kam rasmiy daromad ko‘rsatkichi qayd etilgan 5 ta ta’lim muassasasi:
➖ Nukus davlat pedagogika instituti – 2,8 mln so‘m;
➖ Guliston davlat pedagogika instituti – 2,7 mln so‘m;
➖ Urganch davlat pedagogika instituti – 2 ,7 mln so‘m;
➖ Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti – 2,1 mln so‘m;
➖ Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali – 2 ,0 mln so‘m.
-
Pingback: O‘zbekistonda qizlar yigitlardan tezroq ish topadi - Avlod News