14:16, Yanvar 19, 2026
/
397

Oliy ta’lim tubanlikka qarab ketmoqda (mi?)

So‘nggi vaqtlarda g‘arbiy oliy ta’lim tizimida kutilmagan va xavotirli tendensiya kuzatilmoqda. Fortune nashri xabariga ko‘ra, universitet professorlari talabalarning savodxonlik darajasi keskin tushib ketganidan va bu kelajakda “yolg‘iz hamda xavotirli” avlodni yetishtirib chiqarishidan ogohlantirmoqda.

Z avlodning asosiy muammosi – murakkablikdan qo‘rqish.

Tadqiqot doirasida, ayniqsa, Pepperdine universiteti professori Jessica Hooten Wilsonning so‘zlari ko‘pchilikni shokka tushirdi. Uning aytishicha: “Gap talabalarning tanqidiy fikrlay olmasligida ham emas, ular hatto murakkab tuzilgan bitta gapni ham oxirigacha o‘qishga va tushunishga qodir emaslar”.

Professorlarning ta’kidlashicha, gap talabalarning harflarni tanimasligida emas, balki ularning miyasi uzoq va murakkab jumlalardagi mantiqiy bog‘liqlikni ushlab tura olmasligidadir. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi qisqa va tezkor xabarlarga o‘rganib qolgani sababli, 20-30 betlik ilmiy yoki badiiy matnlarni o‘qishni “imkonsiz vazifa” deb hisoblashmoqda.

Nega bu xavfli?

Professorlar ushbu muammoning ikki xavfli tomonini alohida ta’kidlashmoqda:

  1. Surunkali yolg‘izlik: Kitob o‘qish — bu boshqa insonning qalbi va fikrlari dunyosiga kirish deganidir. Bu qobiliyatni yo‘qotgan yoshlar o‘zgalar bilan chuqur ma’naviy aloqa o‘rnata olmaydilar. Bu esa ularning jamiyatda o‘zlarini begona va yolg‘iz his qilishlariga sabab bo‘ladi.
  2. Ruhiy tushkunlik: Talabalar qiyin matn yoki muammoga duch kelganda uni yengish o‘rniga darhol tushkunlikka tushib qolishmoqda. Uzoq vaqt diqqatni jamlash qobiliyati yo‘qligi ularda doimiy xavotir hissini uyg‘otadi.

Eng yomoni bu ta’lim sifatiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ahvol shu darajaga yetganki, ko‘plab nufuzli universitetlar o‘quv dasturlarini osonlashtirishga majbur bo‘lmoqda. Ilgari butun boshli kitoblar topshiriq sifatida berilgan bo‘lsa, hozirda faqat qisqa parchalar berilmoqda. Darslarda professorlar talabalar bilan birga matnni ovoz chiqarib o‘qishga vaqt ajratmoqdalar. Xuddi bo‘lajak oliy ma’lumotli insonlar emas, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga dars o‘tayotgandek.

Ekspertlarning fikricha, kitobdan uzoqlashish shunchaki bilim kamayishi emas, balki insoniy empatiya va ruhiy bardoshlilikning yo‘qolishidir. Agar bu tendensiya davom etsa, kelajak avlod texnologik jihatdan rivojlangan, ammo ruhiy jihatdan juda zaif bo‘lib qolishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari