Soliq oliy maktabi faoliyatini 2026-yildanoq boshlaydi

Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Soliq qo‘mitasi huzurida Soliq oliy maktabi ochilishi haqida xabar bergan edik.
2026-yil 16-iyun kuni qabul qilingan “Soliq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-227-sonli Prezident qarori bilan ushbu oliygohda o‘quv jarayonlari qanday tashkil etilishi aniq belgilab berildi.
O‘qish muddati va qabul qachondan boshlanadi?
- Bakalavriat: Qabul shu yilning o‘zidan, ya’ni 2026/2027-o‘quv yilidan boshlanadi. Muhim yangilik shuki, bu yerda bakalavriatda o‘qish muddati qisqartirilgan: kamida 3 yil davom etadi.
- Magistratura va doktorantura: Bu bosqichlar keyingi – 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab ochiladi.
Talabalar qaysi yo‘nalishlarda o‘qiydi?
Oliygohda faqat bugungi kun uchun eng kerakli bo‘lgan zamonaviy kasblar o‘rgatiladi. Jumladan:
- Soliqlar va soliqqa tortish;
- Raqamli soliq ma’muriyatchiligi (sohani IT orqali boshqarish);
- Soliq huquqi;
- Moliyaviy nazorat.
Bitiruvchilarga qanday ustunliklar beriladi?
Talaba o‘qishni tamomlagach, oddiy davlat diplomini oladi. Lekin bundan tashqari unga yana bir muhim hujjat beriladi. Bu hujjat kelajakda unga “soliq maslahatchisi” yoki “auditor” bo‘lish uchun maxsus o‘quv kurslaridan ozod qiladi. Oliygohni bitirgan talabada tayyor auditorlik yoki maslahatchilik kursini o‘taganlik maqomi bo‘ladi.
Xalqaro sertifikat olganlarning xarajati to‘lab beriladi
Talabalar uchun juda katta moliyaviy imtiyoz joriy qilinmoqda. Agar Soliq oliy maktabi talabasi o‘qish davrida xalqaro buxgalteriya yoki audit sertifikatlarini (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, AСА) qo‘lga kiritsa, uning xarajatlari qoplab beriladi. Aniqrog‘i, ushbu qimmat xalqaro kurslarda o‘qish va imtihon topshirish uchun ketgan pulni Oliy maktabning o‘zi talabaga qaytarib to‘lab beradi.