Tan olinadimi, tan olinmaydimi?

Yoxud xorijiy davlatlarda olingan ta’limni tan olish bo‘yicha qonunchilikka bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
2025-yil 30-dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi 840-sonli qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda olingan diplomlarni tan olish masalasiga ham bir qancha o‘zgartirishlar kiritildi.
Endilikda quyidagi hollarda xorijiy davlatlarda olingan ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadi:
➖xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, kasbiy ta’lim va malaka oshirish bo‘yicha ta’lim olganlik haqidagi hujjatlar;
➖O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari yoki qo‘shma ta’lim dasturlari asosida ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari;
➖har yili Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro reytinglarda (QS World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities) TOP–1000 talikdan joy olgan OTMlarda ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari (ta’limning butun davri davomida ushbu reytingga kirgan bo‘lishi shart);
➖xorijiy OTMlarda maqsadli tayyorlov asosida, O‘zbekiston vazirliklari, idoralari hamda davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar mablag‘lari hisobidan ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari;
➖1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan shaxslarning hujjatlari;
➖Oliy ta’limda sifatni kafolatlash bo‘yicha Yevropa assotsiatsiyasi
(European Association for Quality Assurance in Higher Education – ENQA) to‘laqonli a’zosi bo‘lgan vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan OTMlarda ta’lim olgan bitiruvchilarning hujjatlari;
➖AQSh, Avstraliya, Isroil, Kanada, Singapur, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Italiya davlatlarining vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan OTMlarda ta’lim olganlik hujjatlari;
➖O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, Prezident qarorlari va Vazirlar Mahkamasi qarorlarida nazarda tutilgan boshqa holatlar.
Shuningdek, xorijiy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish rad etiladigan hollar roʻyxati ham yangilandi.
Xorijiy ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish quyidagi hollarda rad etiladi:
➖xorijiy davlatlarda kasbiy ma’lumot beradigan ta’limning umumiy me’yoriy davri (to‘liq umumiy o‘rta yoki o‘rta ma’lumotdan keyin) O‘zbekiston Respublikasi ta’lim standartlarida nazarda tutilgan davrdan 2 yildan kam bo‘lsa;
➖hujjat berilgan davlatda mazkur hujjat egasiga O‘zbekistondagiga nisbatan kam huquqlar berilgan bo‘lsa (ya’ni, keyingi bosqichda o‘qishni davom ettirish yoki kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi bo‘lmasa);
➖ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilmagan ta’lim shaklida olingan bo‘lsa;
➖oliy ta’lim bosqichlarida quyidagi holatlar aniqlansa:
1. Bakalavriat bo‘yicha Yevropa ta’lim tizimi asosida o‘qigan har bir o‘quv yilida o‘rtacha 60 kreditdan kam to‘plangan bo‘lsa;
(bunda kunduzgi va masofaviy ta’limda o‘qish muddati 3 yildan kam, sirtqi ta’limda esa O‘zbekiston standartlarida belgilangan muddatdan 1 yildan ortiq farq qilmasligi lozim);
2. Malaka amaliyoti uchun ajratilgan vaqt:
ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha — umumiy yuklamaning 10 foizdan kam,
sog‘liqni saqlash yo‘nalishlari bo‘yicha — 6 foizdan kam bo‘lsa;
magistratura bo‘yicha o‘qish muddati 1 yildan kam bo‘lsa.
➖to‘g‘ridan-to‘g‘ri (sinovlarsiz) tan olinadigan davlatlarda olingan hujjatlar mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan talablarga mos kelmasa.
Xorijiy ta’lim hujjatlarini tan olishni boshqa asoslar bilan rad etish taqiqlanadi.
Xorijiy davlatlar ta’lim tizimida to‘plangan kreditlar Yevropa ta’lim tizimidagi minimal talablar (har bir o‘quv yili uchun o‘rtacha kamida 60 kredit) bilan qiyoslab aniqlanadi.