08:41, Mart 10, 2026
/
197

O‘zbekistonliklar ham Yevropaning “yuragi”da bepul tahsil olishi mumkinligini bilasizmi?

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumi doirasida ikki mamlakatning taʼlim va ilmiy sohadagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda Oʻzbekiston va Vengriyaning 50 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida amaliy hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan. Shuningdek, “Stipendium Hungaricum” dasturi doirasida oʻzbekistonlik talabalar uchun ajratiladigan taʼlim grantlari soni 30 tadan 200 tagacha oshirilgani ikki mamlakat taʼlim hamkorligining muhim natijalaridan biri sifatida eʼtirof etildi.

“Stipendium Hungaricum” qanday dastur?

“Stipendium Hungaricum” – Vengriya hukumati tomonidan 90 dan ortiq mamlakatlar xalqaro talabalariga Yevropaning nufuzli universitetlarida bepul ta’lim olish imkoniyatini taqdim etuvchi eng yirik davlat grant dasturidir. Ushbu dastur g‘oliblarining stipendiya miqdori bakalavr va magistratura uchun oyiga taxminan 120 yevro (1 691 400 so‘m) atrofida bo‘lib turar joy sifatida universitet yotoqxonasi bepul taqdim etiladi. Yoki ijara uylarda yashash uchun oyiga 100 yevro (1 409 500 so‘m) atrofida kompensatsiya to‘lanadi. O‘qish uchun to‘lov to‘liq grant hisobidan qoplanadi va talabaga yillik tibbiy sug‘urta ajratiladi. Nomzodning viza hamda yashash uchun ruxsatnoma olish xarajatlari ham qoplab beriladi. Faqat aviachipta va grantdan tashqari yashash xarajatlarini talaba o‘z yonidan qoplashi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonliklar uchun qabul qay tartibda o‘tkaziladi?

Grantlar bakalavriat, bakalavriat bilan birlashtirilgan magistratura darajasi, magistratura, doktorantura (PhD), qisqa muddatli kurslar uchun beriladi.

Barcha hujjatlarni onlayn formatda dekabr-yanvar oylarida to‘g‘ridan to‘g‘ri “Tempus Public Foundation” (Vengriya tomonidan ushbu stipendiya dasturining muvofiqlashtiruvchisi) ko‘rsatgan platformaga (https://apply.stipendiumhungaricum.hu/) yuborish kifoya.  

Dastlabki bosqichda hujjatlar Vengriya tomonidan sinchkovlik bilan o‘rganilib, tanlov talablariga javob bermaydigan barcha hujjatlar ro‘yxatdan chiqarib tashlanadi.

“Short list” (saralanganlar ro‘yxati)ni Vengriya tomoniga tegishli venger oliy ta’lim muassasalari bilan maslahatlashganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga baholash uchun yuboradi va Vazirlik nomzodlarni 1 dan 170-raqamgacha (asosiy ro‘yxat) va undan keyin 170 dan 340-raqamgacha (zaxira) ketma-ketlikda baholab beradi. Hujjat topshirganlarning jami sonidan kelib chiqib, nomzodni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha yakuniy qaror Vengriya tomonidan qabul qilinadi. Bunda nomzod imtihon topshirgan Vengriya universitetining qarori inobatga olinadi.

Ro‘yxatda ketma-ketlik bo‘yicha joylashtirish (baholash) tartibi O‘zbekistonda kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Muhandislik-texnika, shuningdek, tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiya, kimyo, geologiya, fizika, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, energetika, muqobil energiya manbalari va boshqa shu kabi yo‘nalishlarga hujjat topshirganlarga ustuvorlik beriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari