AQSh’dagi otishmada o‘zbek talaba halok bo‘ldi

Joriy yilning 13 dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarining Rod-Aylend shtati Providens shahrida joylashgan Braun universitetida otishma sodir bo‘lgan. Otishmada vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarosi, 2007-yilda tug‘ilgan Muhammadaziz Umurzoqov ham bor.
Qayd etilishicha, Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri sanalgan Braun universitetidagi otishma oqibatida kamida 2 nafar kishi halok bo‘lgani va 9 nafar shaxs og‘ir jarohat olgani tasdiqlangan. Vafot etganlar orasida o‘zbekistonlik talaba ham bo‘lgan. Qalampir.uz e’lon qilgan manbaga ko‘ra, marhumning oila a’zolari AQSHda istiqomat qilib kelgan.
Ayni paytda marhum uchun xayriya aksiyasi boshlangan. Ushbu mablag‘lar yuridik masalalar va janoza tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun yo‘naltirilishi aytilmoqda.
Ushbu fojia ortidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi vakolatxonalari vakillari marhumning qarindoshlari bilan doimiy aloqada bo‘lib, AQSHning tegishli idoralari bilan hamkorlikda barcha masalalar yuzasidan yaqindan ish olib borayotgani ma’lum qilindi.