08:17, Yanvar 29, 2026
/
689

“Bakalavr” va “magistr” darajalari bekor qilinmoqda

RIA Novosti xabariga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Rossiya oliy ta’lim tizimi yangi formatga o‘tadi. Unga ko‘ra, o‘rganib qolingan bakalavriat va magistratura darajalari o‘rniga tayanch (bazaviy) va ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim tizimi joriy etiladi.

Yangi tizimning asosiy jihatlari qanday?

Tayanch (bazaviy) oliy ta’limda o‘qish muddati mutaxassislikka qarab 4 yildan 6 yilgacha bo‘ladi. Bu bosqich bakalavriatning o‘rnini egallaydi, ammo ta’lim muddati ayrim yo‘nalishlarda (masalan, muhandislikda) uzaytirilishi mumkin.

Ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim bu magistraturaning analogi bo‘lib, o‘qish muddati 1 yildan 3 yilgacha etib belgilanadi. Bu yerda talabalar o‘z sohalari bo‘yicha chuqur bilim olishadi.

Aspirantura: U alohida kasbiy ta’lim darajasi sifatida saqlanib qoladi. Asosan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Amaldagi talabalar uchun nima o‘zgaradi?

Hozirda bakalavriat yoki magistratura yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar xavotirga tushishlariga hojat yo‘q. Ular o‘z dasturlari bo‘yicha o‘qishni oxirigacha bitirishadi. Avval berilgan bakalavr va magistr darajalari diplomlari o‘z kuchini yo‘qotmaydi va yangi tizim diplomlari bilan teng darajada tan olinadi.

Yangi tizimda tayanch ta’limni bitirgan har qanday talaba ixtisoslashtirilgan bosqich (magistratura analogi) uchun grant o‘rinlariga da’vogarlik qilishi mumkin bo‘ladi.

Ushbu islohot Rossiyaning Boloniya tizimidan voz kechib, milliy ta’lim modeliga qaytayotgani bilan bog‘liq. Bu o‘zgarish ayniqsa muhandislik va fan sig‘imi yuqori bo‘lgan sohalarda mutaxassislarni sifatliroq tayyorlashga qaratilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari