08:15, Fevral 23, 2026
/
245

Talabalar hukumatga qarshi norozilik namoyishlari boshlashdi

21-fevral kuni Erondagi bir necha universitet talabalari yangi norozilik aksiyalarini o‘tkazishdi. Bu yanvar oyi boshidagi keng ko‘lamli namoyishlari shafqatsizlik bilan bostirilganidan so‘ng o‘tkazilgan ilk namoyishlar hisoblanadi.

Videoda kampus hududida yig‘ilgan yuzlab namoyishchilarni ko‘rish mumkin.

Ulardan ko‘pchiligi Eron bayroqlarini hilpiratishgan holda “Diktatorga o‘lim!” deya hayqirishgan. Xuddi shu kadrlarda hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi odamlar guruhi ham ko‘ringan. Keyinroq ikki lagerga mansub namoyishchilar o‘rtasida to‘qnashuv yuzaga kelgan.

Shuningdek, Tehrondagi Shahid Beheshti nomidagi universitetda ish tashlangani aks etgan suratlar paydo bo‘ldi. Bundan tashqari, poytaxtdagi yana bir oliy o‘quv yurti – Amir Kabir nomidagi Texnologiya universitetida olingani aytilgan kadrlar haqiqiyligi ham tasdiqlangan.

Mamlakat shimoli-sharqida joylashgan, Eronning ikkinchi eng yirik shahri hisoblangan Mashhadda ham talabalar “Ozodlik!” va “Talabalar, o‘z huquqingiz haqida baralla ayting!” shiorlari bilan ko‘chalarga chiqishgan. Xabar qilishlaricha, kun davomida boshqa hududlarda ham sezilarli miqdorda odamlar yig‘ilgan namoyishlar o‘tkazilgan.

Hozircha hukumat namoyishlarga qanday reaksiya ko‘rsatgani va hibslar bo‘lgani haqida ma’lumotlar yo‘q.

Manbalar Erondagi yangi namoyishlari mintaqada AQSH qo‘shinlari to‘planishi va AQSH prezidenti Donald Trampning Eron rasmiylariga qarshi harbiy kuch ishlatish bilan tahdid qilishi fonida boshlanganligini yozmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari