12:11, Mart 6, 2026
/
193

Ba’zi yuqori sinf o‘quvchilari farmasevtika sohasida imtihonsiz talaba bo‘la oladi

5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Pezidentining “Farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va ilmiy-tadqiqot jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni imzolandi.

Unga ko‘ra 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tajriba-sinov tariqasida Farmatsevtika texnik universiteti bilan o‘zaro integratsiya asosida o‘quvchilarni hayot fanlari asoslariga o‘rgatish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi ta’lim dasturlari joriy qilinadi.

Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning o‘quv jarayoni 5 yillik dasturlar asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etiladi. Bunda dastlabki 3 yilda ustuvorlik o‘quvchilarda kimyo, biologiya, fizika, matematika va ingliz tili bo‘yicha fundamental bilimlarni shakllantirishga, keyingi 2 yilda esa tabiiy fanlar asosida boshlang‘ich tayyorgarlikni ta’minlashga qaratiladi.

Maktabning 10-11-sinf va Farmatsevtika texnik universitetining tegishli bakalavriat yo‘nalishlari 1-kurs o‘quv rejalari o‘zaro integratsiya qilinadi. Bunda oliygohning o‘quv rejasiga oid fanlar o‘quvchilarning tanlovi asosida qo‘shimcha o‘qitiladi. Oliy ta’lim fanlari universitetning professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘qitiladi va ushbu jarayonga oid barcha xarajatlar ushbu universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Quyidagi talablarni bajargan maktab bitiruvchilariga universitetning tegishli ta’lim yo‘nalishida 2-kursdan test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishni davom ettirish huquqi beriladi:

IELTS sertifikati (6,5 ball) yoki Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taqdim etiladigan B2 sertifikat hamda universitetning yo‘nalishiga qarab biologiya va kimyo fanlaridan biri bo‘yicha eng kamida B+ darajadagi hamda unga tenglashtirilgan sertifikatga ega bo‘lgan;

oliy ta’lim fanlari bo‘yicha akademik ko‘rsatkichlarni (Academic Performance) o‘rnatilgan talab bo‘yicha o‘zlashtirganlik.

Fikrlar (0)
Avval yangilari