09:19, Iyun 10, 2026
/
646

Endi 3-bosqich pedagogika yo‘nalishlari talabalari “elakdan o‘tkaziladi”

Adliya vazirligi tomonidan pedagogika yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalarning bilimini tashqi diagnostikadan o‘tkazish bo‘yicha yangi nizom (ro‘yxat raqami 3853, 09.06.2026 y.) tasdiqlandi. Ushbu yangilikning asosiy maqsadi bo‘lajak o‘qituvchi va ustozlarni tayyorlash sifati aslida qanday ekanligini xolis baholashdan iborat.

Endilikda, har o‘quv yilida bir marta pedagogika yo‘nalishlarining 3-bosqich talabalari maxsus test sinovidan o‘tishadi. Ushbu jarayonni adolatli tashkillashtirish uchun har yili sentyabr oyida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan kamida besh nafar malakali mutaxassisdan iborat maxsus ishchi guruh tuziladi.

Sinov jarayoni qisqa va aniq tartibda o‘tadi. Talabalarga umumiy hisobda 50 ta savol beriladi va ularni yechish uchun 45 daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri topilgan javob 2 ballga baholanib, maksimal 100 ball to‘plash imkoniyati mavjud bo‘ladi.

Talabalar uchun eng muhim va e’tiborli jihati shundaki, bu test natijalari ularning joriy baholariga, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga yoki stipendiya reytingiga umuman ta’sir qilmaydi. Bu jarayon faqatgina universitetdagi o‘qitish sifati qanday ekanligini tahlil qilish uchun xizmat qiladi.

Natijalar qanday xulosa beradi? Agar ma’lum bir ta’lim yo‘nalishida talabalarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 56 ball va undan yuqori bo‘lsa, ushbu yo‘nalishdagi ta’lim sifati “talablarga javob beradi” deb e’tirof etiladi. Mabodo umumiy ko‘rsatkich 56 balldan past bo‘lib qolsa, bu yo‘nalish “talablarga javob bermaydi” deb topiladi va kelgusida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha tegishli xulosalar chiqariladi.

Bizningcha, ushbu tashqi diagnostikaning asosiy maqsadi talabalarga qandaydir jazo qo‘llash emas, balki oliygohlardagi ta’lim sifatining asl holatini xolis baholashdir. Bu orqali o‘quv dasturlaridagi kamchiliklar, eskirgan metodikalar yoki darsliklardagi muammolar vaqtida aniqlanib, davlat tomonidan kerakli choralar ko‘riladi. Pirovard natijada, bu amaliyot kelajakda maktablarimizga chala bilimli emas, balki o‘z kasbining ustasi bo‘lgan, bolalarga sifatli ta’lim bera oladigan haqiqiy pedagoglar kirib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari