08:34, Iyun 12, 2026
/
496

Jizzaxda tovlamachi talaba jinoyat ustida ushlandi

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirda, oʻzganing shaxsiy foto va videolarini tarqatish bilan tahdid qilib, tovlamachilik yoʻli bilan pul talab qilgan talaba ushlandi.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bergan xabarga koʻra, Jizzax shahrining Toshloq mahallasida yashovchi fuqaro IIOga murojaat qilib, farzandiga nisbatan noqonuniy harakat qilgan shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Oʻtkazilgan surishtiruvlar natijasida ushbu jinoyatni shaharning Obod mahallasida istiqomat qiluvchi, 2006-yilda tugʻilgan va oliy taʼlim muassasalaridan birida tahsil oluvchi talaba sodir etgani aniqlangan. Ushbu shaxs arizachining farzandiga tegishli boʻlgan, oshkor etilishi mumkin boʻlmagan shaxsiy foto va videotasvirlarni qoʻlga kiritgan hamda ularni jabrlanuvchining yaqin qarindoshlari va tanishlariga tarqatish bilan tahdid qilgan. U ushbu materiallarni tarqatmaslik evaziga jabrlanuvchidan 10 million soʻm talab qilgan.

Jizzax viloyati IIB tezkor xodimlari tomonidan oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida, gumonlanuvchi talab qilingan 10 million soʻmni olayotgan vaqtida jinoyat ustida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Uning mobil telefoni koʻzdan kechirilganda, ariza muallifiga tegishli shaxsiy foto va video materiallar borligi tasdiqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda gumonlanuvchi protsessual tartibda vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan boʻlib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari