08:44, Iyul 8, 2026
/
358

32 nafar abituriyentni chuv tushirgan firibgar Albaniyadan qaytarib kelindi

Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligi Interpol byurosi xodimlari Albaniyadagi elchixona ko‘magida firibgarlikda ayblanayotgan fuqaroni vatanga ekstraditsiya qildi. Tergov jarayonida ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs 2022–2023-yillar mobaynida internet orqali ataylab yolg‘on ma’lumotlar tarqatib kelgan. U yuqori sinf o‘quvchilarini Yagona milliy testga (ENT) tayyorlash va oliy o‘quv yurtlariga kafolatli tarzda kiritib qo‘yishni va’da qilib, jami 32 nafar fuqaroni chuv tushirgan. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy moddiy zarar miqdori 28 million tengedan (taxminan 784 million so‘m) oshadi.

Pullarni o‘zlashtirgach yashiringan gumondorga nisbatan xalqaro qidiruv e’lon qilingan edi. Nihoyat, 2025-yilning may oyida u Albaniya hududida qo‘lga olindi va Qozog‘iston Bosh prokuraturasining so‘roviga asosan jinoiy javobgarlikka tortish uchun qaytarib kelindi. Ayni paytda u tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, unga nisbatan mol-mulkni musodara qilgan holda 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari