08:20, Avgust 5, 2026
/
1,4 тыс

Ta’lim kreditidan ham 12 foiz daromad solig‘i qaytariladimi?

Ha, kontrakt to‘lovlari ta’lim krediti hisobidan to‘langan bo‘lsa ham, soliq imtiyozidan foydalanish mumkin.

Aslida, fuqaroning kreditning asosiy qarzi va foizlarini to‘lashga yo‘naltirgan daromadi amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 378-moddasiga muvofiq soliqqa tortilmaydi. Agar ushbu daromaddan 12 foizlik daromad solig‘i allaqachon ushlab qolingan bo‘lsa, shu summa soliq idorasidan qaytarib olinadi (yoki ish joyidagi buxgalteriyaga ariza berish orqali maoshdan soliq ushlanmasligiga erishish mumkin).

Masalan, ta’lim kreditini to‘lash uchun 10 million so‘m sarflangan bo‘lsa, ushbu summa daromad solig‘idan ozod qilinadi. Agar bu puldan soliq ushlab qolingan bo‘lsa, 1,2 million so‘mgacha mablag‘ sizga qaytarib beriladi.

Imtiyoz fuqaroning:

  • O‘z ta’limi;
  • Farzandining ta’limi;
  • 26 yoshga to‘lmagan turmush o‘rtog‘ining ta’limi uchun olingan kredit to‘lovlariga tatbiq etiladi.

Soliqqa tortilmaydigan daromad imtiyozidan foydalanish yoki ushlab qolingan soliqni qaytarib olish uchun ta’lim krediti shartnomasi va to‘lov hujjatlari asosida soliq organiga (yoki ish joyingizga) ariza beriladi.

Muhim: fuqaroning daromadidan 12 foizlik soliq ushlanmagan bo‘lsa (masalan, rasmiy daromadga ega bo‘lmasa), qaytariladigan mablag‘ ham bo‘lmaydi.

Ushbu imtiyoz oliy ta’lim talabalari hamda professional ta’lim (texnikum, kollej va kasb-hunar maktablari) o‘quvchilari uchun amal qiladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari