Universitetlarda ayollar yozgan kitoblar taqiqlandi

“Tolibon” hukumati Afg‘oniston oliy ta’lim tizimida yangi cheklovlar joriy qildi. Endilikda universitetlarda ayollar yozgan kitoblardan darslik sifatida foydalanish mumkin emas. Shuningdek, inson huquqlari va gender tenglikka oid fanlar ham taqiqlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jami 680 ta kitob ro‘yxatdan chiqarilgan, ularning 140 tasi ayollar muallifligida yozilgan. Hatto “Kimyo laboratoriyasida xavfsizlik” kabi oddiy ilmiy qo‘llanmalar ham taqiqlangan.
Shuningdek, universitetlarda 18 ta fanni o‘qitishga ruxsat berilmaydi. Ulardan oltitasi bevosita ayollarga oid bo‘lib, “Gender va taraqqiyot” va “Ayollar sotsiologiyasi” shular jumlasidan.
Taqiq faqat ayollarga emas, balki eronlik mualliflar va Eron nashriyotlari chop etgan kitoblarga ham tatbiq etildi. Mutaxassislar bu qaror oliy ta’limda katta bo‘shliq yuzaga keltirishini aytmoqda.
Shu hafta esa mamlakatning kamida 10 ta viloyatida internet ham uzib qo‘yildi.