“Dotachilar” 8 million so‘m bilan mukofotlanishdi

2022-yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–423-sonli “Kibersport turlarini yanada rivojlantirish va keng ommalashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Ushbu qarorda mamlakatimizda kibersportni xavfsiz va tizimli rivojlantirish, kibersport turnirlari va musobaqalarini muntazam o‘tkazish orqali iqtidorli yoshlarni aniqlash va saralash, IT sohasi uchun yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash kabi muhim vazifalar belgilab berilgan.
Qaror ijrosini ta’minlash, qolaversa, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va foydali o‘tkazish, ularni intellektual hamda zamonaviy sport turlariga keng jalb qilish borasida bir qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Shulardan biri 17-19-noyabr kunlari ilm- fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan tashkil etilgan “ZIYO CUP” musobaqasidir. “Cyber Arena” majmuasida o‘tgan tadbirning maqsadi – talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va kibersportni yanada ommalashtirish. Unda yoshlar kibersportning mashhur “Dota 2” yo‘nalishi bo‘yicha bellashdilar.

Turnir saralash bosqichlarida respublika bo‘ylab 68 ta davlat va nodavlat Oliy ta’lim muassasalaridan jami 500 nafarga yaqin talaba ishtirok etdi.
Yakunda g‘olib va sovrindor jamoalar fond tomonidan pul mukofotlari bilan taqdirlandi. 1-o‘rinni Vebster universiteti (8 000 000 so‘m), 2-o‘rinni Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (6 000 000 so‘m), 3 va 4-o‘rinlarni esa tegishli ravishda Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (4 000 000 so‘m) va EMU universitetlari qo‘lga kiritdi.
“ZIYO CUP” musobaqasi nafaqat kibersport, balki stol tennisi va qator ommaviy sport turlarini ham o‘z ichiga olgan yirik sport turniri hisoblanadi.

Mazkur tadbir har yili yuzlab oliy ta’lim muassasalarini birlashtirib, 1000 dan ortiq sportga qiziquvchi talaba-yoshlarni o‘z atrofiga jamlaydi. Turnir doirasida kibersport, stol tennisi, minifutbol kabi yo‘nalishlarda bellashuvlar o‘tkazilib, yoshlarning turli sohalardagi iqtidori namoyon bo‘lishiga imkoniyat yaratiladi.
Tanlov bir yilda ikki marta: bahor va kuz fasllarida o‘tkaziladi.