09:52, Yanvar 29, 2026
/
500

O‘zbekistondagi institutga xalqaro maqom berilishi mumkin

Ayni kunlarda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahrida Jahon bojxona tashkilotining Texnologik konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur nufuzli xalqaro tadbirda Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etmoqda.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Jahon bojxona tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, bojxona xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish, qo‘shma o‘quv tadbirlarini tashkil etish hamda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shuningdek, Bojxona institutiga Jahon bojxona tashkilotining Mintaqaviy o‘quv markazi maqomini berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Xo‘sh, xalqaro maqom berilishi institutga nima beradi?

Avvalo, bu maqom institut diplomlari va sertifikatlarining jahon miqyosida tan olinishini ta’minlaydi hamda oliygohni Markaziy Osiyo va unga yondosh hududlar uchun asosiy malaka oshirish maydoniga aylantiradi. Agar tashabbus amalga oshsa, nafaqat mahalliy kadrlar, balki xorijiy davlatlar bojxona xodimlari ham malaka oshirish uchun aynan O‘zbekistonga keladilar, bu esa o‘ziga xos ta’lim turizmi va o‘zaro tajriba almashinuvi muhitini yaratadi.

Ta’lim sifati jihatidan institut eng ilg‘or standartlarga o‘tadi.

Ya’ni professor-o‘qituvchilar va kursantlar Jahon bojxona tashkilotining yopiq elektron bazalari, eng so‘nggi uslubiy qo‘llanmalari va standartlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Shuningdek, institutga xalqaro darajadagi ekspertlarning muntazam tashrifi yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan master-klasslar va treninglar o‘tkazilishi ta’lim jarayonini yangi bosqichga olib chiqadi.

Bu maqom institutning ilmiy va moddiy-texnik salohiyatini kuchaytirishga ham katta hissa qo‘shadi. Oliygoh global loyihalar va grantlarda ishtirok etish, raqamli bojxona kabi zamonaviy yo‘nalishlarni tezkor o‘zlashtirish imkonini qo‘lga kiritadi. Mazkur o‘zgarishlar Bojxona institutini shunchaki oliy ta’lim muassasasi emas, balki mintaqaviy bojxona diplomatiyasi va innovatsiyalar markazi sifatida shakllantiradi hamda O‘zbekistonning jahon arenasidagi imijini yanada mustahkamlaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari